O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Manasda aholini qiynayotgan muammolar bartaraf etilmoqda
2018-02-22 | Jamiyat
“Obod qishloq” dasturi doirasida Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘ini obodonlashtirish bo‘yicha belgilangan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tub islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimiz talab va ehtiyojlarini ta’minlash, odamlarni rozi qilishdan iboratdir. Bu olijanob maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan zalvorli ishlar ko‘lami kundan-kun ortib, yangi ma’no va mazmun kasb etmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga joriy etilayotgan navbatdagi yangi tashabbus – “Obod qishloq” dasturi, ayniqsa, olis va chekka hududlarda yashayotgan yurtdoshlarimiz hayotida chin ma’noda yangi sahifa ochishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati boshchiligida barcha vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mutaxassislardan iborat ishchi guruh tomonidan Do‘stlik tumanidagi qishloq va mahallalarning ijtimoiy ahvoli o‘rganib chiqildi. Har bir mahalla, ko‘cha va xonadonning holati, odamlarning talab va ehtiyojlarini o‘rganish davomida “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish namunasi sifatida viloyat markazidan 70 kilometr uzoqlikdagi Manas qishlog‘ining tanlangani bejiz emas.
Mirzacho‘lni o‘zlashtirishning dastlabki davrida viloyatning eng chekka hududida barpo etilgan Manas qishlog‘idagi 1 ming 45 xonadonda olti millat vakillaridan iborat 6 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aholisining asosiy faoliyati dehqonchilik bo‘lgan qishloqda infratuzilma inshootlari, ko‘cha va yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti, madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish bugungi kun talablariga javob bermasligi odamlar uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Ishchi guruh tomonidan qishloqdagi muammolar o‘rganilib, bu yerda aholining yashashi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi belgilandi va bajarishga kirishildi. Chora-tadbirlar rejasi asosida vazirliklar, idoralar, ularning viloyat va tuman tashkilotlari tomonidan qishloq bolalarining ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, aholini to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan xabar olish, ularni eng zarur sakkiz turdagi mahsulotlar, dori-darmon va nogironlik aravachalari bilan ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini hal etish, uy-joylar, yo‘llarni ta’mirlash, obodonlashtirish, shaxsiy tomorqadan samarali foydalanish, issiqxonalar tashkil etish uchun bank krediti ajratish kabi dolzarb ishlar qisqa muddatda amalga oshirilmoqda.
Bugun Manasda ulkan umumxalq hasharining yaratuvchilik ruhi hukmron. Qishloqqa qurilish ashyolari, aholiga zarur mahsulotlar va buyumlar, dori-darmon, uy-ro‘zg‘or jihozlari yuklangan atomashinalar uzluksiz kelib turibdi. Davlat va jamoat tashkilotlari, yirik ishlab chiqarish korxonalari, tijorat banklari vakillari qishloq faollari bilan hamkorlikda ko‘cha va yo‘llar, ijtimoiy inshootlar, uy-joylarni ta’mirlamoqda, hududni obodonlashtirmoqda.
– Inson baxtli hayot kechirishi uchun, avvalo, yashash joyida munosib sharoit bo‘lishi kerak, – deydi “Manas” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Jalil Kenjayev. – Shu ma’noda, qishlog‘imiz bugungi taraqqiyot mezonlaridan ancha ortda, odamlarning yashash tarzi, ijtimoiy inshootlarning kamligi yurtimizning umumiy manzarasiga sira yarashmay turgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, yangilanishlar bizning qishlog‘imizga ham yetib kelgani odamlarning ruhini ko‘tardi. Ularda bugungi turmushini yaxshilash uchun harakatga rag‘bat, ertangi kunga, kelajakka ishonch uyg‘otdi. Har bir xonadon, ko‘cha, maktab, tibbiyot maskanini zamonaviylashtirishga qaratilayotgan e’tibor odamlarni hayotdan rozi bo‘lib yashashga ruhlantirib, davlatga ishonchini mustahkamlamoqda.
Qishloq oqsoqoli bildirgan bu fikrni bugun manasliklarning barchasidan eshitish mumkin. Kim bilan gaplashmang, “Obod qishloq” dasturining tub mohiyati qishloqlarda ko‘p yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni hal etish, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilganini ta’kidlamoqda.
– Umrimda birinchi marta hukumat vakillari oilamizning ahvoli bilan tanishib, sharoitimizni yaxshilashga yordam berdi, – deydi II guruh nogironi Davlat O‘zbekov. – Yashab turgan uyimning qurilishini bitirolmay qiynalayotgan edim. Ikki kunda uy tomini shiferlab, eshik, rom o‘rnatib berishdi. To‘g‘risi, hayotimizda bunday o‘zgarishlar bo‘lishini kutmagan edik. Demak, davlat biz haqimizda, har bir fuqaro haqida o‘ylayapti, hayotini yaxshilashga harakat qilyapti. Bunday ezgu tashabbusning boshida turganlardan behad minnatdormiz.
Turli vazirliklar, xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari uyma-uy yurib o‘tkazayotgan muloqotlarda muammolar eshitilib, ularni joyida hal etish choralari ko‘rilayotir. Ayollarni tadbirkorlik, uy mehnatining turli shakllariga jalb etgan holda, ularning bandligini ta’minlash bilan birga, xonadonlardagi saranjom-sarishtalik, farzandlar tarbiyasi masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Manasga kelin bo‘lib tushgan Chortoq ko‘chasida yashovchi Nilufar Nabiyeva pasportini almashtirishda muammoga duch kelayotgan edi. Uning murojaati ijobiy hal etildi. Shu xonadonda yashovchi 67 yoshli Eldor Nabiyev tegishli hujjatlarni vaqtida taqdim qilolmagani uchun hozirgacha pensiya ololmay kelgan. Endi u pensiya oladigan bo‘ldi.
Xonadonlarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak har bir oiladagi to‘rt-besh kishini xursand qilayotgan bo‘lsa, ko‘cha va yo‘llar, gaz, suv, elektr tarmoqlaridagi, maktab va bog‘chalardagi ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari yuzlab odamlarning og‘irini yengil qilib, hayotdan mamnun etmoqda. Jumladan, xonalar ko‘mir bilan isitilib, ovqat sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan qo‘lbola o‘choqda tayyorlanadigan 17-maktabgacha ta’lim muassasasida oshxona uchun alohida xona tayyorlanib, gaz ballonlari uchun maxsus temir quti, ikkita zamonaviy gaz plitasi o‘rnatildi. Bunday ishlar qishloqdagi ikkita umumta’lim maktabida ham amalga oshirilmoqda.
Qishloq ko‘chalariga tosh-shag‘al yotqizib, asfalt qilishga tayyorlanmoqda. Qishloqda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar yechimiga ham e’tibor qaratilayotir. Elektr uzatish tarmoqlarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borilib, yaroqsiz holga kelgan ustun va simyog‘ochlar yangisiga almashtirilmoqda.
– Cho‘l o‘zlashtirilgan dastlabki yillarda bu yerlarda yashash oson bo‘lmagan, – deydi mehnat faxriysi 80 yoshli Orif Qulchiqov. – Mamlakatimizda keyingi yillarda bo‘layotgan o‘zgarishlarga taqqoslansa, bugun ham sharoitimiz boshqalardan ancha orqada. Ammo ota-bolalari yerto‘la yo chaylada yashab, cho‘lni o‘zlashtirgan insonlar avlodi bundan yaxshiroq yashashga munosib. Yaratganga shukrki, Prezidentimizning xalqimiz hayotini yaxshi bilishi, kuyunchakligi tufayli yurtimizda boshlangan yangilanish, obodlik bizning qishlog‘imizga ham yetib kelayotir. Bizning qishlog‘imizda ham odamlar hayotini yaxshilash ishlari boshlandi. Yaxshi niyatlar bilan boshlagan barcha ishlarimiz xayrli bo‘lsin.
Ha, bugun qishloqda odamlarning hayratlanishiga, quvonishiga sabab bo‘layotgan tom ma’nodagi tarixiy ishlar qilinmoqda. Uning qamrovi va sur’atini ko‘rgan kishi yaqin kunlarda Manasning kechagi qiyofasidan asar ham qolmasligiga to‘la amin bo‘ladi. Bu davlatimiz rahbarining xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak, degan fikrlarining amaldagi ifodasidir.
Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA