O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat xizmatlari ko‘rsatuvchilari uchun “Damas”
2018-02-21 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Buxoro viloyati 13 tuman va shaharidagi davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlariga viloyat hokimligi tomonidan “Damas” avtomashinalari topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mazkur markazlar mutasaddilari, faoliyati davlat xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq tegishli tashkilot hamda idoralar vakillari ishtirok etdi.
Aholining hayot darajasi, biznesdagi muvaffaqiyati davlat xizmatlari sifati, tezligi, har qanday murakkab tartib-taomillardan xoli ekani, shaffofligiga ham juda bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletov va boshqalar Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati ayni shu maqsadga qaratilganini ta’kidladi.
Mazkur hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari hamda tuman va shaharlardagi markazlari tashkil etildi. Ular endilikda aholiga ham “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatadi.
– Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlariga 30 dan ziyod turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda, – deydi Vobkent tumani davlat xizmatlari markazi rahbari Sh.To‘xtayev. – Joriy yildan boshlab 2020-yilgacha esa aholi bosqichma-bosqich 58 turdagi davlat xizmatlari bilan qamrab olinadi. Endi fuqaroning va yuridik shaxs vakilining tegishli hujjatni rasmiylashtirishi uchun u yoki bu idoraga vaqt sarflab qatnashiga hojat yo‘q. Barcha hujjatlar elektron tizim orqali harakatlanadi. Markazlarga xizmat mashinasi berilgani faoliyat samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo‘ladi. Bu barcha, ayniqsa, olis mahalla va hududlarda yashovchilar uchun qulay. Biz ular huzuriga o‘z transportimizda borib xizmat ko‘rsatamiz.
Ha, bu «Xalq davlat idoralariga emas – davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», degan tamoyilning ustuvor ekanini tasdiqlovchi hayotiy dalildir.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.