O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston milliy universiteti delegatsiyasi Isroilda
2018-02-21 | Ta’lim
O‘zbekiston milliy universiteti delegatsiyasi ayni vaqtda Isroil davlatida bo‘lib turibdi.
Tashrif asnosida delegatsiyamiz Isroilning Xolon texnologiya institutida zamonaviy innovatsion o‘quv dasturlar va izlanishlar sohasida akademik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Xolon texnologiya instituti, Samarqand davlat universiteti va Toshkent axborot texnologiyalar universiteti ishtirokida onlayn videoaloqa o‘rnatilib, o‘zaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida yangi ochilayotgan magistratura yo‘nalishlari uchun o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv dasturlar ishlab chiqish masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.
Zamonaviy imkoniyatlarni hayotga tadbiq etayotgan davlatning ta’lim standartlarini kuzatish va o‘rganish maqsadida delegatsiya Xolon shahridagi Autizm sindromi bilan kasallangan bolalar uchun mo‘ljallangan musiqa maktabida bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o‘qitish metodikasi bilan tanishildi.
Shunindek, Xolon texnologiya instituti o‘quv laboratoriyalarini borib ko‘rishdi. Innovatsion markaz laboratoriyalari, 3D modellashtirish laboratoriyasi (Design & Manufacturing), Kompyuter xavfsizligi, Robotexnika kabi laboratoriyalarining ish faoliyati va texnik jihozlanishi bilan tanishdi.
O‘zbekiston milliy universiteti rektori A.Marahimov hamda Matematik analiz kafedrasi mudiri, akademik A.Sa’dullayevlarning Isroil matematiklar assotsiatsiyasi Prezidenti, professor Kobi Rubinshteyn bilan uchrashuvda esa ikki ta’lim dargohi o‘rtasida amaliy matematika va matematik muhandislik yo‘nalishlarida qisqa muddatli professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda matematik izlanishlar sohasida akademik aloqalarni rivojlantirishga kelishildi. Xususan, professor Kobi Rubinshteynning 2018 yil aprel oyida O‘zbekiston Milliy universitetiga 2 haftalik seminar-trening o‘tkazish uchun tashrif buyurishi rejalashtirildi.
Texnion instituti ilmiy-tadqiqot Fondining ilmiy-tadqiqotlarni targ‘ib qilish boshqarmasi boshlig‘i David Shem-Tov bilan uchrashuvda esa O‘zbekiston milliy universiteti va Texnion instituti ilmiy-tadqiqot Fondi hamkorligida Yevropa ittifoqining Horizon 2020 va Erasmus+ loyihalarida birgalikda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqotlar sohasida almashinuv va hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishildi.
S.Sotiboldiyeva