O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qachonlardir bashorat tarzida aytilgan “dunyoni axborot boshqaradi”, degan gap bugun haqiqatga aylandi
2018-02-20 | Jamiyat
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddatli taraqqiy etishi barobarida bu haqiqat jahon tamadduni istiqbolini belgilaydigan strategik ahamiyat kasb eta boshladi. Mamlakatimizda mazkur sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida axborot almashinuv tizimi davr talabiga hamqadam rivojlanmoqda.
Namangan viloyatida ham internet aloqa xizmati sifatini oshirib borish, global axborot tizimidan foydalanuvchilarga jahon standarti talablari darajasida imkoniyat yaratish yo‘lidagi amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Yusufjon Eshonov muxbirimizga quyidagilarni gapirib berdi:
– Viloyatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha har yili alohida ishlab chiqiladigan manzilli loyihalar asosida amalga oshirilayotgan ishlar viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, jamiyatning demokratlashuvi, davlat boshqaruvida tezkorlik, aniqlik, tejamkorlik tamoyillari shakllanishiga xizmat qilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida viloyat, tuman va shahar hokimliklari, boshqarma va tashkilotlar 586 ta “e-kalit” moslamasi bilan ta’minlanib, “e-ijro” elektron hamkorlik tizimida ishlash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, viloyat, tuman va shahar hokimliklari, boshqarma hamda tashkilotlarda o‘rnatilgan 370 dan ziyod “e-xat” himoyalangan elektron pochta tizimi rasmiy axborot almashinuvida har jihatdan qulaylikni ta’minlamoqda.
Viloyat hokimligi tizimida 10 axborot tizimi va 9 axborot resursi belgilangan tartibda ishga tushirildi. Ayni paytda viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti orqali 34, jumladan, fuqarolar uchun 13 hamda yuridik shaxslar va tadbirkorlik subyektlari uchun 21 turdagi interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Tuman va shaharlar hokimliklari, viloyatdagi 100 dan ziyod davlat boshqaruvi idoralari va tashkilotlarda masofaviy internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Viloyat hududida keng polosali tarmoqlar, mobil aloqasi, internet xizmati kabi telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar samarasi aholiga ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifati yanada yaxshilanishida o‘z ifodasini topmoqda.
Bugungi kunda viloyatda to‘liq raqamlashtirilgan umumiy sig‘imi 127 ming 616 raqamga teng 130 dan ziyod telefon stansiyasi 80 mingga yaqin foydalanuvchining uzog‘ini yaqin qilmoqda. Aholiga mahalliy telekommunikatsiya tarmog‘i orqali internet xizmati ko‘rsatuvchi keng polosali qurilmalarning sig‘imi esa 36,6 ming portga yetkazildi, ayni paytda ulardan 20 ming 400 dan ortiq abonent unumli foydalanmoqda. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 18 ming nafar edi.
Shisha tolali aloqa tarmoqlarining umumiy uzunligi 1 ming 754 kilometrdan oshdi. Shundan 154 kilometrdan ziyodi o‘tgan yilning o‘zida tortildi. Natijada tarmoq o‘tkazuvchanlik darajasi viloyat markazigacha 40 Gbit/s., har bir tuman markazigacha esa 10 Gbit/s.ga yetkazildi.
2017-yilda 190 mobil aloqa baza stansiyalari ishga tushirilib, ularning umumiy soni 992 taga yetdi. Hozir viloyat bo‘yicha mazkur stansiyalar xizmatidan 1 million 200 mingdan ortiq abonent foydalanmoqda.
O‘tgan yili 13 MSAN stansiyasi o‘rnatilib, 47 kilometrdan ko‘p shisha tolali aloqa tarmog‘i tortildi. Mingbuloq, Pop, Chortoq, Norin, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlari va Namangan shahrida amalga oshirilgan bu loyihalar internet xizmatidan foydalanuvchilar sonini 960 taga oshirish imkonini berdi. Bundan tashqari, Prezidentning viloyat, tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari, “O‘zmobayl” milliy mobil aloqa operatori tayanch stansiyalari, harbiy qismlar, ichki ishlar idoralariga jami 44 kilometrdan ziyod shisha tolali aloqa tarmoqlari tortildi.
Bu boradagi ishlar tufayli ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik darajasi 50 barobar oshirilib, foydalanuvchilarga yuqori tezlikdagi internet, IP-telefoniya va interaktiv televideniye xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Akramjon Sattorov O‘zA