O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inson huquqlari va erkinliklari-oliy qadriyat
2018-02-19 | Jamiyat
O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi holatini o’rganish bo’yicha Idoralararo ishchi guruhining navbatdagi majlisi bo’lib o’tdi.
Ushbu ishchi guruh O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 23 iyuldagi qarori bilan tashkil etilgan bo’lib, faoliyatining asosiy maqsadi inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish va ularning mazkur sohada fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini yanada takomillashtirishdan iboratdir.Ishchi guruh tarkibiga 32 ta tashkilot kiradi, bular huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud organlari, asosiy vazirliklar va idoralar, ilmiy-ekspert muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridir.
Idoralararo ishchi guruhning barcha a’zolari majlisda ishtirok etdilar. Aytish joizki, majlis davomida ishchi guruhning 2017 yilgi faoliyati tanqidiy va tahliliy nuqtai nazaridan hamda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida zamonaviy shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda, ushbu sohadagi ishlarni faollashtirish masalalari muhokama etildi.Tadbirda qayd etilganidek, 2017–2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini isloh qilish bo’yicha keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan, Idoralararo ishchi guruhi o’ziga yuklatilgan vazifalarni sifatli amalga oshirishda uyg’unlashgan, samarali va tezkor faoliyat olib borishi kun tartibida dolzarb masala sifatida e’tirof etildi.
Majlisda ta’kidlanganidek, Idoralararo ishchi guruhi inson huquqlari sohasida davlat siyosatini ishlab chiqishda hamkorlik va yagona yondashuvni tashkil etishni muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
2017 yildagi faoliyatning tahlili shuni ko’rsatmoqdaki, aynan yagona yondashuvni tashkil etish va muvofiqlashtirishga, murojaatlarni, ularda ko’tarilayotgan muammolarni umumlashtirish va o’rganish orqali amaldagi qonunchilikni takomillashtirishga yetarli darajada e’tibor qaratilmayapti.Buning asosiy sabablaridan biri – Idoralararo ishchi guruhining faoliyati asosan xalqaro munosabatlarga yo’naltirilgan bo’lib, ichki masalalar e’tibordan chetda qolib ketmoqda.
Majlisda o’tgan yil davomida yo’l qo’yilgan kamchiliklardan kelib chiqib, Idoralararo ishchi guruhi oldida turgan istiqboldagi vazifalar muhokama etildi.
Tadbir yakuni bo’yicha, Idoralararo ishchi guruhining 2018 yilga mo’ljallangan “Yo’l xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu hujjatda zamon talablaridan kelib chiqqan holda innovatsion metodlardan foydalanish orqali inson huquqlarini himoya qilishga yo’naltirilgan keng qamrovli tadbirlar rejalashtirilgan.