O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Citizens Advice”: fuqarolarga maslahat berishning Britaniya tajribasi
2018-02-19 | Jamiyat
2018-yil 16-fevral kuni O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Buyuk Britaniya elchixonasining Bishkek shahridagi Markaziy Osiyo bo’yicha xududiy dasturi menedjeri Nil Martin ishtirokida uchrashuv bo’lib o’tdi.
Tadbirda shuningdek, Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi elchixonasi dastur va loyiha menedjeri E. Ortiqova hamda BMT Taraqqiyot dasturining samarali boshqaruv, siyosat va kommunikatsiyalar bo’limi boshlig’i K. Muhamedxonova ham ishtirok etdi.
Uchrashuvdan ko’zlangan asosiy maqsad tomonlarning 2017-2021-yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo’yicha Davlat dasturi ijrosi doirasidagi tadbirlarni amalga oshirishga oid uch tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilishdan iboratdir.
A.Tashkulov ekpertlarni O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatining asosiy yo’nalishlari bilan qisqacha tanishtirdi hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida vazirlik oldida turgan muhim vazifalardan xabardor qildi.
O’z navbatida, Nil Martin ham Britaniya hukumati Markaziy Osiyodagi loyiha dasturlari bo’yicha hamkorlik qilishda Adliya vazirligi ularning eng yaqin hamkori sifatida tan olinganidan mamnunligini qayd etdi.
Uchrashuvda vazirlikning aholiga davlat xizmatlarini taqdim etish tizimini yanada takomillashtirish va xalq bilan muloqot qilish bo’yicha Britaniyaning “Citizens Advice” fuqarolarga maslahat berish tizimiga muqobil bo’lgan axborot-maslahat mexanizmini joriy etish kabi ustuvor loyihalar muhokama qilindi.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya Adliya vazirliklari o’rtasida o’zaro hamkorlik munosabatlarini o’rnatish masalalari ham ko’rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muloqot samimiy va xayrixoh ruhda o’tganini bildirdi.