IIV vaziri Po‘lat Bobojonov: Xalq davlatdan rozi bo‘lishi ko‘p jihatdan fidoyiligimizga bog‘liq va biz bu maqsadga albatta erishamiz
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolatni hayotimizda tom ma’noda qaror toptirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda ham o‘z ifodasini topayotir.
Prezident rahbarligida soha xodimlari ishtirokida uch marta videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilganligi ham ushbu sohaga alohida e’tibor qaratilayotganligidan dalolat beradi.
Ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilayotgan vazifalar qay darajada bajarilmoqda? O‘tgan bir yilda ushbu sohada qanday natijalarga erishildi?
Bu savollarga javob topish maqsadida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bilan suhbatlashdi.
- Davlatimiz rahbari ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin, deb alohida ta’kidlagan, - deydi P.Bobojonov. - Buning zamirida bizga yuksak mas’uliyat yuklatilishi barobarida davlatning xalq bilan bevosita ish olib boruvchi vakili – ichki ishlar organlariga bo‘lgan ishonch ham mujassam. Ham ishonch, ham yuksak mas’uliyatni his etgan holda xalq manfaati uchun fidoyilik bilan xizmat qilish kundalik ishimizga aylandi.
Aytish mumkinki, 2017-yil ichki ishlar organlari tizimida tub o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Bunda, vazirlik va hududiy ichki ishlar boshqarmalari shtat birliklarini qisqartirish evaziga barcha tuman-shahar ichki ishlar bo‘limlarining tashkiliy tuzilmalari kuchaytirilib, yuzaga kelayotgan tezkor vaziyatga samarali ta’sir o‘tkaza oladigan takomillashtirilgan tizim yaratildi.
Jumladan, fuqarolarga qator qulayliklar yaratish, ichki ishlar organlarini aholiga yaqinlashtirish orqali jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlari va huquqbuzarliklar profilaktikasini tizimli tashkil etish maqsadida, ichki ishlar bo‘limlaridan olisda joylashgan aholi punktlarida qo‘shimcha 175 ta ichki ishlar bo‘linmalari va 824 ta tayanch punktlari tashkil etildi. Profilaktika inspektorlari soni 1102 nafarga oshirildi, vazirlik huzurida Tergov departamenti, joylarda esa surishtiruvchilar instituti shakllantirildi.
Amalga oshirilgan islohotlarning muhim jihati shundaki, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashishga butun jamoatchilik, xususan mahalla, xotin-qizlar, yoshlar tashkilotlari, piru badavlat otaxon va onaxonlar bilan hamkorligi qayta yo‘lga qo‘yildi va ushbu ishlar faoliyatimizda ko‘plab ijobiy ko‘rsatkichlarga erishish imkoniyatini berdi.
2017-yilda mamlakatimizda 73 ming 692 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan 13 ming 720 taga yoki 15,7 foizga kamayishga erishildi.
Xususan, qotillik 22, qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish 7,1, nomusga tegish 21,8, bosqinchilik 22,8, talonchilik 21, o‘g‘irlik 6,6, firibgarlik 5,7, bezorilik 37,9, transport vositalarini olib qochish 6,2 foizga kamaydi.
Jinoyatchilikning barvaqt oldini olishda va sodir bo‘lgan jinoyatning o‘z vaqtida fosh etilishini ta’minlashda hududiy profilaktika inspektorlari muhim o‘rin tutmoqda. Bunda ularning shaxsiy mas’uliyati kuchaytirilishi bilan bir vaqtda ijtimoiy muhofazasi ham tubdan yaxshilangani muhim ahamiyat kasb etdi.
Chunonchi, profilaktika inspektorlari oila a’zolari bilan xizmat hududida yashashi va aholiga tezkorlik bilan huquqiy yordam ko‘rsatishi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishi uchun xizmat uylari va imtiyozli ravishda shaxsiy yengil avtomobil bilan ta’minlandi. Profilaktika inspektorining ish faoliyati samaradorligini ta’minlashda tuman va shahar ichki ishlar organi boshlig‘ining yoshlar masalasi bo‘yicha o‘rinbosari - huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i lavozimlari joriy etilgani ham o‘z samarasini bermoqda.
Ushbu tajriba boshqa davlatlar ichki ishlar idoralari tomonidan ijobiy baholanishi bilan bir qatorda hozirda bu ular tomonidan o‘rganilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu ishlar natijasida o‘tgan yil davomida respublikadagi mavjud 8 ming 973 mahallaning 1 ming 79 tasida umuman jinoyat sodir etilmadi.
Profilaktika inspektorlari haqida gap ketsa, ular faoliyatidan qoniqmaslik yoki ularni faqat tanqid qilish holatlari ko‘proq kuzatiladi. Biroq, ular ko‘pincha osoyishtalik uchun tunni tongga ulab xizmat qilishini unutmaslik lozim. Ularning ko‘pchiligi zarur bo‘lsa, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jonini ham ayamaydi. Masalan, 2017-yil 13-dekabr kuni tongi soat 5:50 da Toshkent shahar Mirobod tumani Mironshoh 8-tor ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan katta bosimdagi suv quvuri yorilib ketgani tufayli shu ko‘chadagi 18 xonadonda yashovchi aholi qaynoq suv girdobida qolgan. Voqea joyiga tezlik bilan yetib kelgan profilaktika inspektori leytenant Islom Beknazarov 27 fuqaroning hayotini saqlab qolgan, o‘zi esa jarohat olgan.
Joriy yil 8-yanvar kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori jamoatchilik vakillarini jinoyatchilikni jilovlashga keng jalb etish uchun muhim asos bo‘lganligini alohida qayd etish lozim. Endilikda, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda faol ishtirok etgan fuqarolarni eng kam oylik ish haqining yigirma baravarigacha bo‘lgan miqdorda mukofotlash tizimi joriy etilib, ularni jinoyatchilikka qarshi kurashishga jalb etish uchun yanada kengroq imkoniyat yaratdi.
- Sodir bo‘layotgan jinoyatlar asosan kimlar tomonidan sodir etilmoqda va buning sabablari nima?
- Jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar barcha joylarda talab darajasida bajarilmoqda, deb ayta olmaymiz. Holbuki, buning uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud bo‘lishiga qaramay ayrim mahallalarda oila-turmush munosabatlari bilan bog‘liq maishiy jinoyatlar hamon uchrab turibdi. 2017-yilda oilaviy kelishmovchiliklar sababli yaqin qarindoshlar bir-biriga nisbatan sodir etgan qotilliklar soni 200 ga yaqin bo‘lgani buni tasdiqlaydi.
Ushbu jinoyatlarning 62 tasi er xotiniga, 10 tasi xotin eriga, 119 tasi esa yaqin qarindoshlar tomonidan bir-birlariga nisbatan sodir etilgan. Bunday noxushliklar asosan Samarqand viloyati (27), Toshkent shahri (24), Toshkent (22) va Farg‘ona (21) viloyatlarida ko‘proq uchradi.
Jinoyat – odamlar xavfsizligiga putur yetkazuvchi mudhish hodisa. Bunday holatlar ko‘proq yoshlar tomonidan turli sabablarga ko‘ra sodir etilishi kuzatiladi. Albatta, bir jinoyat sodir bo‘lishi ham tashvishlanarli, biroq bu jarayonda xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar uchrayotgani yanada ayanchli holat.
Masalan, ro‘yxatga olingan jinoyatlarning 9,5 mingdan ortig‘i xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan. Farg‘onada 1 ming 625, Toshkent shahrida 1 ming 592, Toshkent viloyatida 1 ming 402, Samarqandda 1 ming 66, Andijonda 972 va Namanganda 751 nafar ayol jinoyatga qo‘l urgan.
Joylarda uyushmagan, tarbiyasi og‘ir, ish va o‘qishga joylashmagan yoshlar 26 ming 579 ta jinoyat sodir qilgan.Bunda, maktab o‘quvchilari, akademik litseylar va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari tomonidan 1,5 mingdan ziyod jinoyat sodir etilgan.
Voyaga yetmaganlar tomonidan 1 ming 430 ta jinoyat, shundan, 778 ta o‘g‘irlik, 79 ta bezorilik, 77 ta talonchilik, 45 ta badanga og‘ir tan jarohati yetkazish, 42 ta bosqinchilik va 29 ta firibgarlik sodir qilingan.
Qayd etilgan har bir jinoyat mahalla va o‘quv muassasalarida aholi va yoshlar ishtirokida keng muhokama etilib, uning oqibatlari batafsil tushuntirilmoqda. Toki, jinoyatga qo‘l urgan shaxs o‘z yashash joyi, jamoasida qilmishidan pushaymon bo‘lib, uni takrorlamaslikka harakat qilsin, boshqalar esa bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarsin.
- Jinoyatlarni tergov qilish jarayonida inson huquqlarini ta’minlash borasida qanday ishlar qilindi?
- 2017-yilda ichki ishlar organlarining tergov xizmati faoliyatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Birgina surishtiruv instituti takomillashtirilib, endilikda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan surishtiruv harakatlari 1 oy muddat ichida olib borilishi lozimligi belgilandi. Bu esa tergovni ancha tez, puxta, to‘la, xolisona, har tomonlama olib borilishi natijasida fuqarolarning ortiqcha sarson bo‘lishlarining oldini olishga imkon yaratdi.
Xususan, o‘tgan yilda vazirlik huzuridagi Tergov departamenti va uning joylardagi tuzilmalari 69 ming 951 ta jinoyat ishi bo‘yicha protsessual qonunchilik talablariga rioya qilgan holda tergovni tamomlab, har bir sodir bo‘lgan jinoyat uchun jazo muqarrarligi prinsipi ta’minlandi.
Masalan, 2017-yil 14-noyabr kuni besh nafar noma’lum shaxs yuzlariga niqob taqib, Toshkent shahrida yashovchi A.Abdullayev xonadoniga bostirib kirgan. Uy egasi va uch nafar oila a’zosini urib, qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, uyida bor pullari va mol-mulkini olib, voqea joyidan yashiringan. Ushbu jinoyat bo‘yicha olib borilgan tergov davomida 4 nafar shaxs ushbu jinoyatni sodir etgani aniqlanib, qamoqqa olindi.
Tergov faoliyatida inson huquqlari buzilishining oldini olish, gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash maqsadida 2017-yil 30-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Shu asosda vazirlik Tergov departamentida so‘roq jarayonini stenografiya qilish, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus tergov xonalari tashkil etildi.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu maxsus xonalar Shveysariya, Germaniya, Xitoy va Janubiy Koreya davlatlari tajribalari asosida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Buning natijasida jinoyatdan jabrlangan voyaga yetmagan shaxslarda gumonlanuvchilar bilan bevosita yuzlashish davomida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan ruhiy bosimning oldi olinishiga imkon yaratildi. Shuningdek, maxsus xonalarda protsessual harakatlarni masofadan turib videokonferensaloqa tizimida olib borish ishlari yo‘lga qo‘yilib, dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda qonuniylik va xolislik ta’minlanadi.
Asosiysi, bu jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala qilish kabi noqonuniy usullarni qo‘llashning oldini olishga xizmat qiladi.
Bunday maxsus xonalarni barcha ichki ishlar organlarida tashkil etish rejalashtirilgan.
- Jazoni ijro etish tizimida amalga oshirilgan ishlar qanday samara bermoqda?
- Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida mahkumlar huquqlarini ta’minlaydigan qo‘shimcha mexanizmlar yaratishni hisobga olgan holda, jinoyat-ijro qonunchiligini yanada takomillashtirish, inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida barcha vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari, maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylari, jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Ushbu vazifalar yuzasidan “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ham aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Belgilangan vazifalar doirasida jazoni ijro etish tizimi faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda.Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar yotoqxonalari, yordamchi binolar bugungi kun talablari asosida qayta qurilib, zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.
Jazoni ijro etish sohasini xalqaro standartlarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Toshkent shahridagi 1-Tergov hibsxonasining yangi binoga ko‘chirilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi. Jumladan, Toshkent viloyati Zangiota tumanida yangidan qurilgan zamonaviy tergov hibsxonasi mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarining oliy qadriyat va doimiy ravishda davlat himoyasida ekanligining yana bir ifodasidir. Muassasada barcha shart-sharoitlar mavjud bo‘lib, oshxona, kutubxona, yuvinish xonasi va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarni ijtimoiy-foydali mehnatga jalb etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Muassasalar huzurida davlat unitar korxonalari tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad mahkumlarni mehnatga jalb etish orqali tarbiyalash, ularda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish va olinayotgan daromadni qamoqda saqlanayotgan shaxslar sharoitini yanada yaxshilashga yo‘naltirishdir. Aytib o‘tish kerakki, jazoni ijro etish muassasalari ishlab chiqarish korxonalari tomonidan 2017-yil mobaynida 123,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Prezidentimizning 2017-yil 6-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 2 ming 700 nafar mahkum afv etildi. Mazkur farmon ijrosi to‘liq ta’minlandi.
2017-yil davomida insonparvarlik tamoyili asosida jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan 1 ming 932 mahkum ozodlikka chiqarildi, 8 ming 835 mahkum manzil-koloniyalariga o‘tkazildi, 9 ming 462 mahkumning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi.
Jazoni ijro etish muassasalari O‘zbekiston Respublikasida jazoni o‘tash hamda afv etishni amalga oshirish tartibi va shartlari bilan tanishish uchun axborot stendlari bilan jihozlandi. Ushbu ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytiga ham joylashtirildi.
Tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylari, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar ustidan uzluksiz nazoratni olib borish maqsadida mazkur muassasalar videokuzatuv vositalari bilan ta’minlanmoqda. Joriy yilning 1 mart kuniga qadar ushbu muassasalarda videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish ishlari to‘liq tugallanadi.
- Ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganilayotgan “pushaymonlik arizalari” haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Prezidentimiz topshiriqlariga asosan turli diniy oqimlarga boshqalar ta’sirida yoki yoshlik qilib, oqibatini bilmasdan kirib qolganlarning “pushaymonlik arizalari”ni o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Diniy ekstremistik oqimlarga kirganlarning har biriga nisbatan mavjud hujjatlar din ulamolari, yaqinlari, qo‘ni-qo‘shni va qarindosh urug‘lari, mahalla ahli fikrini inobatga olgan holda o‘rganilmoqda.Shu asosda tegishli komissiya tomonidan xulosalar qabul qilinmoqda. Buning natijasida o‘tgan yilning o‘zida 18 mingdan ortiq shaxs maxsus hisobdan chiqarildi.
- Xavfsiz turizmni ta’minlash borasida ichki ishlar organlariga yuklatilgan mas’uliyatli vazifalar qanday bajarilmoqda?
- Rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish asnosida MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib poytaxtimiz Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” loyihasi ishlab chiqildi. Natijada jamoat joylari, mahallalar, aholi zich joylarda, bozorlar, o‘quv yurtlari, chorrahalar, ba’zi kriminogen hisoblangan joylarda videokameralar o‘rnatildi. Mazkur joylardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot olinishi natijasida huquqbuzarliklarning oldi olinishiga, sodir bo‘lgan jinoyatlarni esa tezlik bilan “izi yo‘qolmasdan” fosh etilishiga erishilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mazkur hududlar ichki ishlar boshqarmalarida xavfsiz turizmni ta’minlashga mas’ul tuzilmalar tashkil etildi. Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalari boshliqlari lavozimlari joriy etilib, ularning maqomi viloyat ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari o‘rinbosarlariga tenglashtirildi. Yangi tuzilgan boshqarmalar xorijiy tillarni biladigan malakali xodimlar bilan ta’minlandi.
Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida jamoat tartibini saqlash, aholiga va mehmonlarga soha bo‘yicha kerakli zarur xizmatlarni ko‘rsatish uchun patrul-post xizmatlari xodimlari bir erkak va bir ayol tarkibidagi guruhda xizmat olib borishi tajriba sifatida yo‘lga qo‘yildi. Bu guruhlar “tez yordam” yetib kelgunga qadar dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniga ham ega.
- Narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yish, giyohvandlikka qarshi kurashish tadbirlari qanday samara bermoqda?
- Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasidagi Narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash boshqarmasi va uning joylardagi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 2017-yilda narkotik moddalar bilan bog‘liq 4 ming 806 jinoyatni 4 mingdan ortiq shaxs sodir qilganligi aniqlandi. Ulardan bir tonnadan ortiq turli xildagi narkotik moddalar olindi.
2017-yilning may-iyun va avgust-sentyabr oylarida profilaktik maqsadda ikki bosqichda “Qoradori-2017” tadbirlari o‘tkazildi.
Har yili fevral oyida ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, sport, yoshlar, mahalla kabi tuzilmalar va manfaatdor boshqa tashkilot vakillari bilan hamkorlikda “Yoshlar orasida narkotik vositalarning tarqatilishiga qarshi kurash” tezkor profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish bilan bog‘liq 895 holat aniqlandi.
Yoshlar orasida “yengil narkotik” sifatida ommalashgan, inson ruhiyati va salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi psixofaol tibbiy preparatlarni noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan 310 shaxs ushlandi.Ulardan 62,5 ming dona dori vositalari olindi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
- Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qanday ishlar qilinmoqda?
- Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda uning joylardagi tizimlari tomonidan 2017 yil mobaynida korrupsiya va iqtisod sohasida sodir etilgan hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyati tartibiga qarshi jinoyatlardan 1 ming 426 tasi aniqlandi. Mazkur jinoyatlarning 171 tasi poraxo‘rlik, 109 tasi tovlamachilik, 517 tasi firibgarlik, 125 tasi valyuta bilan bog‘liq qoidalarni buzish, 19 tasi qalbaki pul yasash, 190 tasi talon-torojlik hamda 295 tasi boshqa turdagi holatlardir.
Tezkor-qidiruv chora-tadbirlari natijasida 407 guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlar fosh etilib, jinoyat sodir etgan ikki mingdan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Jinoyatlar natijasida yetkazilgan 45 milliard so‘mlik zarar undirildi.
- Pasport, xorijga chiqish va kelish bilan bog‘liq jarayonlar fuqarolarning eng ko‘p ishi tushadigan, ayni vaqtda ko‘p hollarda noroziliklar yuzaga keladigan soha. Tizimda fuqarolarga zamonaviy qulayliklar yaratishga harakat qilinyaptimi?
- Darhaqiqat, vazirligimizning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatiga fuqarolar ko‘p murojaat qiladi. 2017-yilda 3 milliondan ortiq biometrik hujjat olish uchun tayyorlangan talabnomalarning o‘zi ham bu sohadagi ishning salmog‘ini ko‘rsatib turibdi.
Prezidentimizning oshkoralik va turizmni rivojlantirish haqida olib borayotgan siyosatlari tufayli joriy yilning 10-fevral kunidan boshlab O‘zbekistonga Isroil, Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya kabi jami 7 mamlakatdan bir oyga qadar muddatga kelayotgan turistlarga viza talab qilinmasligi yo‘lga qo‘yildi va 39 davlat fuqarolariga viza berish tartibi yengillashtirildi.
Yillar mobaynida muammo bo‘lib kelgan masalalar hal qilinib, 2017-yilda fuqaroligi bo‘lmagan 1 ming 243 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinib, ularga O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi. Ushbu yo‘nalishdagi tadbirlar davom ettirilmoqda.
Sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish ustida ish olib borilmoqda.
- Yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday natija bermoqda?
- Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bildirilgan asosli va tanqidiy fikrlaridan so‘ng yurtimizdagi mavjud patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlari statsionar postlarining 74 tasi tugatildi.
2017-yilda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan 3,7 milliondan ortiq qoidabuzarlik holati aniqlandi. 67 ming 148 haydovchi avtomobilini spirtli ichimlik ichib boshqargan. 40 mingga yaqin yo‘l harakati qoidalarini buzish holati esa piyodalar tomonidan sodir qilingan.
81 ming 128 huquqbuzarga nisbatan to‘plangan materiallar sudlarga yuborildi. Shundan 51 mingdan ortig‘i ma’lum muddatlarga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. 1,5 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan.
Hozirda yo‘l-patrul xizmati xodimlari bilan haydovchilar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarni xolisona va qonun asosida hal qilish uchun haydovchi bilan inspektorning suhbati to‘la aks ettiriladigan videokameralar bilan har bir inspektorni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlarida tajriba tariqasida yo‘l-patrul xizmatining mototsikldagi guruhlari tashkil etildi. Ularga yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi va tirbandlik hosil bo‘lishining oldini olish, yo‘llar va ko‘chalarning harakatlanishi qiyin bo‘lgan qatnov qismlarida, odamlar gavjum joylarda, shuningdek xorijiy va boshqa delegatsiyalarni kuzatishda harakat xavfsizligini ta’minlash vazifalari yuklatildi.
Prezidentimizning 2018-yil 14-fevraldagi qaroriga ko‘ra, Toshkent shahrida transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtab turish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi. Bunda, transport vositasi haydovchisi joyida bo‘lmagan taqdirda ham yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda to‘xtab turish holati qayd etiladi va rasmiylashtiriladi.
2017-yilda 12 ming 705 yong‘in sodir bo‘lgan. Bunda 159 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 398 nafari turli tan jarohati olgan. Yong‘inlar natijasida 68 milliard so‘mdan ortiqroq miqdorda moddiy zarar ko‘rildi. Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va joylardagi xodimlarimizning xizmatga sodiq va fidoyiligi tufayli yong‘inlar vaqtida 195 nafar fuqaro sog‘-omon holda yong‘indan qutqarib qolindi.
Jumladan, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida safdor Alibek Shodmonov va Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida safdor Murodjon Ziyovuddinovlar yong‘inni o‘chirish vaqtida xizmat vazifalarini bajara turib, qahramonlarcha halok bo‘ldi. Toshkent shahri Chilonzor tumani yong‘in xavfsizligi xodimi kichik serjant Shukur Kalabayev yong‘in vaqtida o‘z jonini ayamasdan yonib turgan olovga kirib, 12 nafar fuqaroni olib chiqdi.
- Xavfsizlikni ta’minlashda qo‘riqlash xizmatining ahamiyati beqiyos. Bu imkoniyatdan aholi qanday foydalanmoqda?
- Qo‘riqlash bosh boshqarmasi tomonidan 25 ming 331 xalq xo‘jaligi ob’ekti va 10 mingga yaqin xonadon qo‘riqlanmoqda. Mazkur ob’ektlarda o‘g‘irlik sodir qilishga qaratilgan har qanday holat o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.
Qo‘riqlanayotgan ob’ektlardan mayda o‘g‘irlik uchun 6 ming 283 shaxs ushlanib, ulardan olingan 902 million so‘mdan ortiqroq qiymatdagi moddiy-tovar boyliklar egalariga qaytarildi. Ushbu huquqbuzarliklarni sodir qilgan shaxslarga sudlar tomonidan 594 million so‘mdan ortiqroq jarima qo‘llanildi.
Qo‘riqlash xizmati tomonidan savdo nuqtalari, bozorlar, umumiy ovqatlanish tarmoqlari, maktablar, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, madaniyat va istirohat bog‘larida videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi natijasida 2 mingga yaqin jinoyatning oldi olindi.
2017-yilning 10-aprel kuni Xorazm viloyati Xonqa tumani Sarapyon qishlog‘ida yashovchi fuqaroning uyiga yuziga niqob kiygan noma’lum shaxs bostirib kirib, uy egasi va uning qaynonasining oyoq-qo‘llarini bog‘lab, badanlariga bir necha marotaba pichoq bilan urib jarohat yetkazib, uyidagi 200 ming so‘m pulini olib ketgan. Tuman IIB Qo‘riqlash bo‘limi xodimi katta serjant G‘ayrat Bekjonov o‘z xizmat hududida uni ko‘rib, yashirinishga harakat qilgan noma’lum shaxsni quvlab ushlaydi. Tekshirish natijasida mazkur bosqinchilik jinoyatini sodir qilgan Ruslan Ishjanov ekanligi aniqlandi. Uning aybi isbotlanib, sud hukmi bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
- Ichki ishlar tizimida mard va fidoyi xodimlar bilan ishlash, ularni tayyorlash va Vatanga fidoyilik ruhida tarbiyalash bilan bir qatorda nopok kimsalar ham uchrab turadi. Avvalgi suhbatimizda mas’uliyatsiz xodimlarni aniqlash va saflarni tozalash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni davom ettiramiz, degan edingiz...
- Bugungi kunda xodimlarni o‘qitish, ularning kasb mahorati va malakasini oshirish ishlari mutlaqo yangicha asosda tashkil etilib, shaxsiy tarkibni tarbiyalashda muomala madaniyatini yuksaltirish, mas’uliyatlilik, poklik va bilimdonlik kabi asosiy xislatlarni shakllantirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada, Prezidentimizning 2017-yil 29-noyabrdagi “Ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ichki ishlar organlarida xizmatni tashkil etish mexanizmlarini ilk bor yagona tizimga jamlanishiga zamin yaratdi.
Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan yuksak vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga, dastlabki kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega aqlan va jismonan yetuk yoshlarni tarbiyalash maqsadida Prezidentimizning 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3216-sonli qarori asosida vazirlik tizimida, har bir mintaqada 1 tadan, jami 14 akademik litsey tashkil etildi.
Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlarni Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi 5106-son Farmonida belgilangan yo‘nalishlarda tarbiyalash, ularni jismonan va ma’nan yetuk, Vatanga sadoqatli hamda o‘z kasbini sevadigan xodim qilib yetishtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan keng qamrovli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Bugungi kunda ichki ishlar organlarining 2 ming 389 xodimi yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlariga a’zo bo‘ldi.
E’tirof etish joizki, 2017-yilda xizmatda alohida namuna ko‘rsatgan hamda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 89 nafar xodimga davlat mukofotlari berildi, 10 mingdan ortiq xodim vazirlik tomonidan rag‘batlantirildi.
Darhaqiqat, ichki ishlar organlarida mard, himmatli va o‘z ishining ustasi bo‘lgan professional xodimlar bilan bir qatorda ichki ishlar organlari safiga g‘araz niyatlarda kirgan, o‘z manfaatini davlat va xalq manfatlaridan ustun qo‘yadigan xodimlar ham, afsuski, uchrab turadi.
Shuning uchun ham biz domiy ravishda saflarimizni nopok xodimlaridan tozalab kelmoqdamiz. Masalan, 2017-yilda xizmat intizomini buzganligi uchun 8 ming 32 nafar xodim intizomiy jazoga tortildi. Shundan 230 nafari turli jinoyatlarni sodir qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
Shu o‘rinda, yana bir muhim masalaga to‘xtalmoqchiman. Yuqorida biz 2017-yil mobaynida ichki ishlar organlari sohasida olib borilgan islohotlarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdik.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha qabul qilingan “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori sohaga bo‘lgan yuksak e’tiborning yana bir namunasi bo‘ldi. Qaror asosida jamoat tartibini saqlash, avvalambor, voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning buzg‘unchi tahdidlarni barvaqt aniqlash bo‘yicha yakdil harakatlarni, ularni hamkorlikda va sifatli bartaraf etilishini ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga muvofiq, Toshkent shahrida ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari va ichki ishlar bo‘limlari tuzilib, ularning bevosita aholi va deputatlar oldidagi hisobdorligi tizimi o‘rnatildi. Shuningdek mavjud kuch va vositalar, avvalo, joylarga biriktirilishi evaziga bevosita aholiga eng yaqin bo‘lgan quyi tizimlarning moddiy-texnik imkoniyatlari va kadrlar salohiyati yanada mustahkamlandi.
Profilaktika inspektorlari vakolatlari doirasi kengaytirilib, ularning respublika miqyosida o‘zaro hamkorlik qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ular faoliyatini tashkil etishning mutlaqo yangicha tartibi joriy etildi, shuningdek xizmat o‘tash vaqtida biriktirilgan hududda tezkor-profilaktik xizmat ko‘rsatilmay qolishiga sabab bo‘ladigan hollarda, hududni tashlab ketishi taqiqlandi.
Ichki ishlar organlarining aholi bilan yaqindan hamkorlik qilishga qaratilgan yangi tizimi joriy etildi.Unga muvofiq, endilikda ichki ishlar bo‘limlari tomonidan sektordagi kriminogen vaziyat bilan tanishtirish va yo‘riqnoma berishda mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi rahbari ham ishtirok etadi. Yana bir muhim yangilik – Toshkent shahri tumanlarida tuman xalq deputatlari Kengashlari deputatlari raislik qiladigan huquqbuzarliklar profilaktikasi, tadbirkorlikni rivojlantirish va muammoli oilalar bilan ishlash ustidan nazorat bo‘yicha jamoatchilik kengashlari tuzilishi belgilandi. Ushbu chora-tadbirlar poytaxtimizda ichki ishlar organlari hamda jamoatchilikning o‘zaro yaqin hamkorligiga asoslangan huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha samarali tizim yaratilganligidan dalolat beradi.
Zero, ichki ishlar organlari xodimlari jinoyatchilikning oldini olish, sodir bo‘lgan jinoyatlarni “izi yo‘qolmasdan” fosh etish va jamoat tartibini saqlash borasida fidoyilik bilan xizmat qilishni davom ettiradi. Xalqning ishonchini oqlash, sohani chinakam xalqparvar tizimga aylantirish pirovard maqsadimizdir.
Norgul Abduraimova, O‘zA