O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2018 yilda mol-mulk va yer solig‘i oshadimi?
2018-02-16 | Iqtisodiyot
2018 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash tartibiga qator o‘zgartirishlar kiritildi va bu holat aholi o‘rtasida har xil tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Shu va soliq tizimida amalga oshirilayotgan boshqa o‘zgarishlarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zA muxbiri Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat RAJABOV bilan suhbatlashdi.
– 2018 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash tartibiga qanday o‘zgartirishlar kiritildi?
– Joriy yildan jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash tartibiga qator o‘zgartirishlar kiritildi. Bu borada aholida juda ko‘p savollar paydo bo‘lmoqda. Shu vaqtgacha ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ, ya’ni kadastr idoralari tomonidan belgilanadigan soliq solish obyektlarining inventarizatsiya qiymati to‘lovchilar uchun soliq solinadigan baza hisoblangan. Endilikda jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulkning inventar qiymatidan emas, kadastr qiymatidan hisoblanishi joriy etilib, soliqning asosiy stavkasi 0,2 foiz qilib belgilandi (o‘tgan yili 1,7 foiz edi) va soliq hisoblashda kadastr qiymati 42 million so‘mdan kam bo‘lmasligi belgilab qo‘yildi.
– Agar kadastr qiymati mavjud bo‘lmasa-chi?
– Mol-mulkning kadastr qiymati mavjud bo‘lmaganda, soliq shartli qiymatda hisoblanishi belgilangan. Joriy yildan Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazidagi uy uchun 210 million so‘m, boshqa shaharlarda va qishloq joylarda 90 million so‘m miqdorida hisoblanishi o‘rnatildi.
Shu bilan birga, soliq yuki 2018 yilda keskin oshib ketmasligi uchun kadastr qiymatiga asosan hisoblangan soliq summasi 2017 yildagi soliq summasiga nisbatan 20 foizdan ko‘p bo‘lmasligi belgilandi. Misol uchun, Qarshi tumanida joylashgan hovli-uyning kadastr qiymati 321,2 million so‘mni tashkil etib, 2018 yil uchun 429,1 ming so‘m mol-mulk solig‘i hisoblanishi lozim edi, lekin 2017 yilda ushbu mulk uchun hisoblangan soliq summasi 134,4 ming so‘m bo‘lgani uchun 20 foizdan ko‘p bo‘lmasligi belgilangani inobatga olinib, 2018 yil uchun soliq 161,3 ming so‘m hisoblanadi.
– Bunday o‘zgarishlardan kelib chiqib qanday me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilgan?
– Hukumatning 2017 yil 30 dekabrdagi “Soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
Nizomga asosan ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr qiymati umumiy foydali maydonning bir kvadrat metri, hududiy tuzatish va eskirish koeffitsiyentlari asosida hisoblab chiqiladi. Bu o‘zgarishlarning barchasi jismoniy shaxslar egaligidagi mol-mulkni kadastr idoralarida ro‘yxatga olish orqali soliqlarni hisoblashga xizmat qiladi.
– Xonadonlarga tegishli tomorqadan samarali foydalanilmayotgan holatlar aniqlansa, soliqlar ortar ekan. Shu gap rostmi?
– Muhim yangiliklardan biri tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanmayotgan jismoniy shaxslar aniqlangan taqdirda, ulardan ushbu yer uchastkalari uchun yer solig‘i 3 barobar miqdordagi stavkada undiriladi. Buning uchun mahalla faollari bilan xonadonma-xonadon yurilib, tomorqa yer uchastkasiga ega bo‘lgan xonadonlar o‘rganiladi hamda ekin ekilmagan holat bo‘yicha har bir yer uchastkasi egasiga soliqni 3 barobar stavkada to‘lash lozimligi tushuntiriladi va yozma to‘lov-xabarnoma beriladi.
– Viloyat aholisi o‘z majburiyatlarini to‘liq ado etib, soliqlarni o‘z vaqtida to‘layaptimi?
– Dolzarb masalani ko‘tardingiz. Bugun viloyatimizda 483 mingdan ortiq soliq to‘lovchi jismoniy shaxs mavjud. Ularning aksariyati o‘z majburiyatini muddatida bajarmoqda. Biroq ayrim soliq to‘lovchilar majburiyatini muddatida bajarmagani uchun 17 milliard so‘m qarzdorlik sud orqali undirilayotir. Bu borada majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Fursatdan foydalanib, har bir jismoniy shaxs, yer va mol-mulk egasidan yuqoridagi kabi noqulayliklarga duch kelmasligi uchun soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashini so‘raymiz.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri