O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Poytaxtimizda UZINFOCOM-2018 anjumani bo‘lib o‘tdi
2018-02-16 | Jamiyat
Joriy yilning 15 fevralida Toshkent shahrida UZINFOCOM-2018 anjumani tashkil qilindi. Tadbir ishtirokchilari UZINFOCOM Yagona integratorining maqsad-vazifalari, yangicha ishlash uslublari, uning hamkor va buyurtmachilar bilan o‘zaro aloqalari bilan tanishdilar. Anjumanda xalqaro AKT-ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi kompaniyalar, tizim integratorlari, yetakchi konsalting kompaniyalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Anjumanda ma’lumot berilganidek, O‘zbekistonni rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga xizmat qilayotgan milliy model ishlab chiqildi. Natijada, davlat tuzilishi boshqaruvini markazlashtirish va barcha vazirlik hamda idoralar o‘rtasidagi ma’lumotlarni yagona formatda tezkor almashish imkonini yaratish ehtiyoji yuzaga keldi.
Mazkur masalaga ijobiy yechim sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan joriy yilning 29 avgust kuni "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyihalarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror imzolandi va UZINFOCOM Markazi negizida davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiruvchi Yagona integrator tashkil qilindi.
Yagona integrator oldiga:
- iqtisodiyot sohalari uchun "elektron hukumat" va axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqish hamda joriy qilish, axborot tizimlari hamda resurslarini integratsiya qilish, apparat-dasturiy ta’minot vositalari kompleksini yaratish, shuningdek tegishli loyiha va hujjatlarni tayyorlash;
- aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini takomillashtirish yuzasidan kompleks choralarni ishlab chiqish;
- iqtisodiyot sohalariga "elektron hukumat" tizimlari va axborot texnologiyalarini tatbiq qilish jarayonlariga mahalliy dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiqaruvchilarini tizimli ravishda jalb etgan holda, milliy AKT va dasturiy ta’minot sanoatini rivojlantirishda ishtirok etish va boshqa qator vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, anjumanda ta'kidlangani kabi, Yagona integrator zimmasiga davlat organlari va ularning tizimidagi muassasalarning, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimidagi axborot tizimlarini, idoralararo elektron hamkorlik va ma’lumot almashish tarmoqlarini joriy qilish kabi muhim vazifa yuklatilgan.
UZINFOCOM-2018 tadbirida Yagona integrator tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar xususida ham ma'lumot berildi.
UZINFOCOM Markazining Yagona integratorga aylantirilishi davlat organlari faoliyatiga AKT ni joriy qilish bo'yicha yondashuvning tubdan o'zgarishiga, loyihalarning bir nuqtadan turib amalag oshirilishi va nazoratga olinishi uchun zamin yaratdi. Shu bilan birga, loyihalarda boshqa ishlab chiqaruvchilarni ham jalb qilish imkonini beradi.
Yagona integrator o'z oldida turgan keng miqyosdagi vazifalarni samarali ijro etishda qiziqish bildirgan tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Buning uchun partnership.uzinfocom.uz veb-sayti orqali ro'yxatdan o'tish kerak bo'ladi.