O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhim qonun loyihalari ko‘rib chiqildi
2018-02-16 | Jamiyat
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibiga kiritilgan masalalar avvalroq siyosiy partiyalar fraksiyalarining, O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, qo‘mitalar va ular huzurida faoliyat ko‘rsatayotgan ekspert guruhlarining majlislarida muhokama qilingan edi.
Amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini tanqidiy tahlil etish, fuqarolarni tashvishlantirayotgan dolzarb muammolarni o‘rganish maqsadida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli axborotni taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy etish kabi masalalar strategik rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.
Chunonchi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida ishchi guruh tashkil etilib, uning tarkibiga siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi deputatlari, vazirliklar va idoralarning, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari, amaliyotchi mutaxassislar, olimlar kiritildi.
Bundan tashqari, keng muhokama qilish maqsadida ushbu qonun loyihasi Qonunchilik palatasining www.parliament.gov.uz. veb-saytiga joylashtirildi. Majlisda ta’kidlanganidek, muhokama yakunlariga ko‘ra kelib tushgan takliflarning katta qismi qonun loyihasini maromiga yetkazishda hisobga olindi.
Xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda OAVda turkum nashrning xalqaro standarti raqami (ISSN) bo‘lishi kerakligi haqidagi talabni chiqarib tashlash taklif etildi.
Ushbu qonunning qabul qilinishi, deputatlar ta’kidlab o‘tishganidek, OAV faoliyati erkinligining, axborotdan foydalanishining, mulk huquqining, uni himoya qilishning davlat kafolatini belgilashga, shuningdek, axborotni o‘rganish, uni uzatish, undan foydalanish va saqlashga doir o‘z faoliyatini amalga oshirish borasida qo‘shimcha huquqlarni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shundan so‘ng davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasida jurnalistlarning nufuzini oshirishga qaratilgan “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, AQSh, Rossiya, Latviya, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasini va jurnalistlik faoliyatini himoya qilish sohasidagi xalqaro shartnomalarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mazkur qonun loyihasi manfaatdor davlat idoralari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, shuningdek, soha olimlari va mutaxassislari bilan ham muhokama qilindi. Bu jarayonda qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar bildirildi.
Shundan keyin deputatlar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tahlil qilish natijalariga ko‘ra Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishga kirishdilar.
Qonun loyihasida fuqarolarning mehnat qilish va erkin ish tanlash huquqlarining amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida shaxsni uning ilgari sudlanganligi tufayli ishga qabul qilishni rad etishga (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) taqiq belgilash uchun o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining ishchi va ekspert guruhi, tegishli vazirliklar va idoralarning xodimlari, manfaatdor tashkilotlarning vakillari, shuningdek, ushbu soha olimlari va mutaxassislari ishtirokida muhokamalar o‘tkazildi.
Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va Ekoharakat deputatlar guruhi taklif etilayotgan bu o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat xizmatiga tashabbuskor, bilimli, intiluvchan kadrlarni jalb etishga, fuqarolarning mehnat qilish va erkin ish tanlash huquqlarining amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi, degan yagona fikrga keldilar.
So‘ngra deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 356-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Mazkur hujjat elektron tijorat infratuzilmasini joriy etishni hamda turistik xizmatlarni onlayn-bronlashtirish va Internet orqali turistik mahsulotlarni sotish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi turistik faoliyat sub’ektlari sonining ko‘payishini rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi ommaviy muhokama qilish uchun O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarini muhokama qilish bo‘yicha www.regulation.gov.uz. portaliga joylashtirilgan.
Qonun loyihasini tayyorlashda Rossiya, Belarus va Gruziya tajribasi o‘rganildi. Bu mamlakatlarda turizm sohasi uchun soliq imtiyozlari mavjud.
Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu qonunning qabul qilinishi sohada, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va tezkorligini oshirishga, shuningdek, turistik xizmatlar narxini pasaytirishga, ularni diversifikatsiya va modernizatsiya qilishga, raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Majlis yakunlariga ko‘ra barcha ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari qabul qilindi.
Shuningdek, majlisda parlament Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.