O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hamkorlikdagi o‘zbek-yapon kino loyihasi boshlandi
2018-02-15 | Turizm
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati avval xabar berganidek, o‘tgan yilning oktyabr oyida taniqli yapon kinorejissiyori Kiyoshi Kurosava barcha voqealari O‘zbekistonda sodir bo‘ladigan film uchun ssenariy yaratish maqsadida yurtimizning bir necha shaharlariga tashrif buyurgan edi.
Kiyoshi Kurosava mustaqil kinorejissior, dramaturg, aktyor, yozuvchi, kino tanqidchi bo‘lib, 40 dan ortiq filmlarning muallifi, Kann kinofestivali va Osiyo kino akademiyasining bir necha mukofotlari sovrindori hisoblanadi.
Ushbu loyiha mamlakatimizni Yaponiya kino muhlislari orasida targ‘ib etishga yo‘naltirilgan bo‘lib, Yaponiya fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq joriy yilning 10 fevralidan boshlab viza rejimining bekor qilinishi boshqa yapon kinostudiyalariga o‘zbek hamkasblari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini yaratib beradi.
Joriy yilning 12 fevral kuni Toshkent shahriga tasvirga olish joylarini va aktyorlarni tanlab olish uchun hamkorlikdagi o‘zbek-yapon kino loyihasini amalga oshirish maqsadida Yaponiya ijodiy guruh vakillari operatorlar va rejissior assistentlari tashrif buyurganini aynan Farmonning mevasi sifatida baholash mumkin.
Tashrif davomida Yaponiyalik mehmonlar “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov bilan uchrashuv o‘tkazdi va kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, hamkorlik haqidagi kelishuvga 2017 yil sentyabr oyida Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi A. Abduxakimovning Yaponiyada bo‘lib o‘tgan “JATA EXPO-2017” xalqaro sayyohlik ko'rgazmasidagi ishtiroki paytida erishilgan edi.