O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Marhum “ishtiroki”da tuzilgan dalolatnoma
2018-02-14 | Jamiyat
Elektr energiyasidan kimdir noqonuniy tarzda foydalanib, to’lov majburiyatidan qochib yurgan bo’lsa, xalqona aytganda, Alining qarzini Validan undirish insofdan bo’lmaydi. Bu fikrga barchamiz qo’shilamiz. Shunga qaramasdan, elektr tarmoqlari korxonasida ishlayotgan ba’zi xodimlarning “uddaburon”ligi oldida hayratdan yoqa ushlashga majbur bo’lamiz.
Qarshi shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ariza bilan murojaat qilgan R.Sa’dullayevaning manfaatini ko’zlab, fuqarolik ishlari bo’yicha Qarshi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi. Ushbu arizada Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari 2014 yil 16 yanvarda tuzgan dalolatnomani g’ayriqonuniy deb topish va uning asosida hisoblangan 1 mln. 669 ming 20 so’m qarzdorlikni undiruvdan chiqarish va mansabdor shaxsdan manfaatdor shaxsga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 5 mln. so’m tovon puli undirish so’raldi.
Sud majlisida R.Sa’dullayeva Qarshi shahar 1-mittitumandagi 1 “A” uy, 9-xonadon o’ziga tegishli ekanini bayon etdi. Ushbu uyda elektr hisoblagich o’rnatilgan bo’lsa-da, korxona tomonidan Qarshi shahridagi xonadonlarda elektr energiyasidan foydalanishni o’rganish bo’yicha jalb qilingan Nishon tumani elektr tarmoqlari korxonasi xodimi B.G’ayimnazarov 2014 yil 16 yanvarda “hisoblagich o’zboshimchalik bilan almashtirilgan” deb dalolatnoma tuzadi. Yanada ajablanarli tomoni shundaki, ushbu dalolatnomaga R.Sa’dullayeva emas, uning 2006 yili vafot etgan otasi S.Turdiyev ishtirok etdi, deb hatto marhumning imzosi ham qo’yilgan ekan.
Sud fuqarolik ishlari bo’yicha materiallarda to’plangan hujjatlarni o’rganib chiqib, dalillarga huquqiy baho berdi va iste’molchining talabini qisman qanoatlantirishni lozim topdi. Sud qaroriga ko’ra, Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining dalolatnoma tuzishdan iborat xatti-harakatlari g’ayriqonuniy deb topildi va dalolatnomaga asosan fuqaro R.Sa’dullayeva xonadoniga hisoblangan 1 mln. 669 ming 20 so’m qarzdorlikni undiruv ro’yxatidan chiqarish majburiyati yuklatildi.
Yulduz Teminova,
O’zbekiston iste’molchilar
huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining
Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi raisining Yoshlar masalalari bo’yicha o’rinbosari