Mamlakatimizga tashrif buyurgan Rossiya Davlat dumasi deputati A.Juravlyov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida bo‘ldi.
Vazir A.Haitov bilan muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiyot, transport va logistika, turizm, fan-ta’lim, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yildan-yilga faollashib borayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar bunda muhim omil bo‘lmoqda.
Tashrif doirasida Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolangan edi. 2017-yil 21-dekabrda kuchga kirgan mazkur xujjat O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi jarayonlarini qonuniy oqimga solish imkoniyatini yaratadi. Ikki mamlakat fuqarolarining manfaatlariga xizmat qiladigan ushbu bitim migrantlarning huquq va erkinliklarini himoya qiladi, odam savdosi rivojlanishiga sabab bo‘ladigan noqonuniy migratsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
Bitimning ijrosini ta’minlash maqsadida "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqilib, uning doirasida O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida uchrashuvlar tashkil qildi. Ish beruvchilar va mintaqaviy ma’muriyat vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini xorijiy davlatlarga, jumladan, Rossiya Federatsiyasiga ishga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. Hozirgi kunda Samarqandda Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini tayyorlash va jo‘natish markazi faoliyat yuritmoqda. Xuddi shunday markaz joriy yilda Farg‘ona shahrida ochilishi rejalashtirilgan.
Delegatsiya rahbari, Rossiya Davlat dumasi deputati A.Juravlyov samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekistondan borayotgan mehnat migrantlarini Rossiya qonunchiligi bilan tanishtirish, ularni tibbiy-ijtimoiy muhofaza qilish, munosib mehnat va turmush sharoiti yaratish borasida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi. Ushbu yo‘nalishda hamkorlikda olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Shu kuni delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari K.Eshonxo‘jaev bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, barcha fuqarolarga millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish O‘zbekistonda davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA