O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMTTD ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2018-02-14 | Siyosat
2018 yil 12 fevral kuni O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida O’zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletovning BMTTD (Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi)ning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xelena Freyzer bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi.
BMTTD tomonidan uchrashuvda BMTTD samarali boshqaruv, siyosat va kommunikatsiyalar bo‘limi boshlig‘i K.Muhamedxanova ham ishtirok etdi.
Uchrashuvdan maqsad qonun ijodkorligi, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek aholining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari va yo‘nalishlarini takomillashtirishdan iborat.
R.Davletov mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyati bilan qisqacha tanishtirar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan jadal islohotlarning zamonaviy bosqichida vazirlikning roli va uning oldida turgan vazifalar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida Xelena Freyzer samimiy uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, samarali hamkorlikka umid bildirdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasidagi hamkorlik, xususan, norma ijodkorligi jarayoni, davlat xizmatlari ko‘rsatishning davlat boshqaruvi tizimi hamda aholining huquqiy madaniyatini oshirish milliy tizimining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Xelena Freyzer BMTTD ushbu yo‘nalishdagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi hamkorlikning keyingi istiqbollarini muhokama qilishdan manfaatdor ekani va bunga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv amaliy va xayrixohlik ruhida o‘tdi.