O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Cho‘l qo‘ynida yirik zavod
2018-02-13 | Jamiyat
Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Varaxsha cho‘l massivida “Bunyodbek al-Buxoriy” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli qum-shag‘al aralashmasini qayta ishlash zavodi ishga tushirildi.
Buxoro viloyatida eng yirik karer xo‘jaligi hisoblangan ushbu zavod yiliga 30 ming kubmetrdan ziyod mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Yangi o‘zlashtirilgan konda bir necha o‘n yillarga yetadigan resurs zaxirasi mavjud.
– Umumiy loyiha qiymati 452 ming dollarga teng korxonamiz eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, – deydi "Bunyodbek al-Buxoriy" MChJ rahbari I.Mirxonov. – Bu yerda turli o‘lchamdagi, ya’ni poydevorbop, temir-beton mahsulotlari, avtomobil yo‘llari va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan qum-shag‘al ishlab chiqariladi. Yo‘l xo‘jaligi va qurilish tashkilotlariga zarur bo‘lgan chaqiqtoshlar viloyatimizda kamligi bois ularning bir qismi kattagina transport xarajatlari hisobiga tashib keltiriladi. O‘ylaymanki, bu muammo yechimida korxonamizning o‘z o‘rni bo‘ladi. Qolaversa, mahsulotimiz mijozlar uchun arzon tushadi.
Darvoqe, zavodga hozirda ko‘plab buyurtmalar tusha boshladi.
Korxonada 48 kishi mehnat qilmoqda. Yil oxirigacha xomashyoning bir qismi qayta ishlanib, temir-beton mahsulotlari tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Shuning hisobidan yana 20 ish o‘rni yaratiladi.
Viloyatda qurilish materiallariga bo‘lgan talab tobora ortib borayotganini inobatga olib, qurilish industriyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda ushbu yo‘nalishda umumiy qiymati 679 milliard 364 million so‘mlik 24 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu 1 ming 213 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Erkin Yodgorov, O‘zA