O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ingliz tili bilimdonlari aniqlandi
2018-02-13 | Ta’lim
Joriy yilning 8-9 fevral sanasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi hamda BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNЕSKO) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Respublika insholar tanlovining yakuniy bosqichi o'tkazildi.
Tanlovning hududiy bosqichida g'olib bo'lgan iqtidorli yoshlar shu yilning 8-9 fevral kunlari Toshkent shahridagi 144-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan respublika bosqichida qatnashdilar.
Insholar tanlovining dastlabki bosqichida O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi umumiy o‘rta ta’limi muassasalaridan “Mening o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqim (My Motivation to Study)” mavzusida ingliz tilida yozilgan 3200 dan ortiq insholar qabul qilindi. Birinchi bosqichda 42 ta yeng yaxshi insho mualliflari va ularning ustozlari saralab olindi va ikkinchi bosqichga taklif etildi.
Final bosqichida ishtirok etayotgan barcha ishtirokchilarga loyixa va hamkor tashkilotlarning mahsus sovg‘alari topshirildi. Respublika bosqichining g‘oliblari CEFR imtixon topshirish uchun yo‘llanma va barcha hududlardan 14 ta eng yaxshi insholar mualliflari BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNЕSKO) tomonidan 14 ta noutbuk bilan taqdirlandilar. Bundan tashqari ishtirokchilar uchun tadbir doirasida an’anaviy tusga aylangan Toshkent shahri bo‘ylab sayohat tashkil etildi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni Izbosgan tumanidagi 20-maktab o‘quvchisi Tuychiyev Bexruz, 2-o‘rinni Qoraqalpoqiston Respublikasi Beruniy tumanidagi 27-maktab o‘quvchisi Bayjanov Baxtiyor qo‘lga kiritdi. Uzun tumanidagi 6-maktab o‘quvchisi Keldiyeva Iroda uchinchi o‘ringa munosib topildi.