O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ko‘rgazmalar zalida “Umid ila ochilib, foyda ila yopilgan kitob – eng yaxshi kitobdir” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi
2018-02-13 | Madaniyat
Adabiyot qalb ko‘zgusi, umr ziyosidir. E’tiboringizga havola etilayotgan «Umid ila ochilib, foyda ila yopilgan kitob – eng yaxshi kitobdir» deb nomlangan badiiy kitoblar ko‘rgazmasi xuddi shunday yuksak adabiyot namunalaridan tashkil topgan.
Ko‘rgazmadan o‘zbek va jahon adabiyotining yuksak namunalari o‘rin olgan bo‘lib, ular turli davrlarda chop etilgan nusxalardan iboratligi bilan ahamiyatlidir. Masalan, ko‘rgazmadan jahon adabiyotining nodir namunalaridan biri bo‘lgan Stendalning «Qizil va qora» romanining 1930 yilda, Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romanining 1933 yilda, Asqad Muxtorning «Chinor» romanining 1944 yilda, Oybekning «Qutlug‘ qon» romanining 1941 yilda chop etilgan nusxalari hozirgi davrda chop etilgan nashrlari bilan yonma-yon joylashtirilgan. Bu badiiy adabiyotni sevib o‘quvchilar, filologiya sohasida tadqiqot olib borayotganlar uchun juda qulay imkoniyatlar eshigini ochadi. Turli yillarda qayta nashr qilingan bu badiiy adabiyotlarning mazmun-mohiyatini asl holatda saqlash, o‘zgarishlarni aniqlash va ularni baholash uchun bu kabi ko‘rgazmalar zarurdir.
Kitobat sohasidagi mavjud o‘zgarishlarni aniqlash, an’ana va zamonaviylik mezonlarni to‘g‘ri baholash uchun ham «Umid ila ochilib, foyda ila yopilgan kitob – eng yaxshi kitobdir» deb nomlangan badiiy kitoblar ko‘rgazmasiga sizlarni taklif qilamiz!