O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – Rossiya yoshlari ikkinchi forumi ish boshladi
2018-02-12 | Jamiyat
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashida O‘zbekiston – Rossiya yoshlari ikkinchi forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Forumda ikki mamlakat delegatsiyalari a’zolari, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur forum O’zbekiston yoshlar ittifoqi bilan Rossiya yoshlar ittifoqi o’rtasida imzolangan o’zaro hamkorlik to’g’risidagi Anglashuv memorandumiga muvofiq o’tkazilmoqda. Anjuman ikki davlat yoshlari o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Rossiya yoshlar ittifoqi vakillari bilan o’zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Forum 12-18 fevral kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o’tkazilishi belgilangan.
Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo’yicha Davlat maslahatchisi – O’zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, Rossiya yoshlar ittifoqi raisi Pavel Krasnokutskiy forum yoshlar tashkilotlari o’rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, do’stona munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Forum doirasida ikki davlat yoshlari o’rtasida o’zaro muloqot, tajriba almashish muhitini yaratish, tadbirkorlik, turizm sohalarini rivojlantirish istiqbollari, yoshlar tashkilotlari o’rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo’yicha qator dasturlarni muhokama etish mo’ljallanmoqda. Ishtirokchilar Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining texnoparki va Yoshlar ijod saroyiga tashrif buyuradi. Yosh ishlab chiqaruvchilarni qo’llab-quvvatlash hamda yoshlar siyosatida fan va ta’lim kabi mavzularda davra suhbatlari tashkillashtiriladi.
Nurillo Nasriyev, O’zA muxbiri