O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident Olmazor tumaniga tashrif buyurdi
2018-02-09 | Siyosat
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Olmazor tumani Qichqiriq kanali bo‘yida madaniyat va istirohat bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyevga mazkur park loyihasi yuzasidan ma’lumot berildi.
Bog‘da bolalar va sport maydonchalari, zamonaviy attraksionlar tashkil etiladi. Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar maskani quriladi.
Prezidentimiz kutubxonalarning poytaxt maktablari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon ijodini yoshlarga chuqurroq o‘rgatish zarurligini ta’kidladi.
Aholining dam olishi uchun qulayliklarni oshirish, xususan, Nuroniylar maskanida choyxona va askiya markazi tashkil qilish, yaqin joyda poliklinika barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Toshkent shahrida «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi asosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari uyma-uy yurib, odamlar bilan suhbatlashish, ularning muammolarini hal qilishga ko‘maklashish, ish o‘rinlari yaratish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarurligini ta’kidladi.