Xalqimiz orasida qo‘lingdan kelsa yaxshilik qil, kelmasa, hech bo‘lmasa yomonlik qilma, degan ajoyib naql yuradi. Buning zamirida yomon yo‘lning oxiri – voy, mazmunidagi ogohlantirish ham bordek. Lekin oramizda bila turib yomon yo‘lni tanlash, yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytarishdek ayanchli holatlar ham uchrab turadi.
Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida ijaraga yashayotgan yigit uy egasining uyni bo‘shatib bering, degan iltijolariga parvo ham qilmadi. Xonadon sohabasi yaxshi gapga ko‘nmagan ijarachini qonun yo‘li bilan uydan chiqarishga qaror qildi.
Endi eshikni Majburiy ijro byurosi xodimlari kelib taqillata boshladi. Eshik ochilavermagach, byuro xodimlari uni buzishga majbur bo‘lishdi. Eshik ochilib, xonadonga qadam qo‘ygan odam borki, hayratdan biroz joylarida turib qoldi. Bu yer odam yashaydigan uy emas, go‘yoki, kichik farmatsevtika korxonasi edi! Ijarachi “tadbirkor” chiqib qolganidan uyning haqiqiy egasi ham lol bo‘lib qoldi.
“Yashirin sex” ustidan chiqqan xodimlar bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamentining Toshkent shahar Olmazor tumani bo‘limiga xabar qildi. Xonadonda 18 turdagi qo‘lbola usulda tayyorlangan kapsulalar, ularni qadoqlash uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar, bo‘sh ampulalar, etiketkalar borligi aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borish jarayonida soxta tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan Bahriddin ismli shaxs dorilarni qo‘lbola usulda tayyorlab, ularni sotish bidan shug‘ullanib kelgani ayon bo‘ldi.
Ashyoviy dalil sifatida olingan dorilar sud-kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, odam mushaklarini rivojlantirish uchun ishlatiladigan turli xil moddalar birikmalaridan tashkil topgan. O‘z navbatida, dori ishlab chiqarish bo‘yicha ruxsatnomaga, bilim va tajriba, zarur sharoitga ega bo‘lmagan odam tomonidan “yaratilgan” bu dorilar iste’molga mutlaqo yaroqsiz bo‘lib, inson salomatligiga jiddiy putur yetkazishi ham turgan gap. Olmazor tumani davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi xulosasida ham bu bayon etilgan.
Ko‘rinib turibdiki, bir qonunbuzarlik ikkinchisiga yo‘l ochdi. Ikkinchisi esa uchinchisiga yo‘l ochdi, desak, oshirib yubormang, dersiz, balki? Afsuski, shunday...
Surishtiruv-tergov jarayoni davom etayotgan paytda soxta tadbirkor yana bir “tadbir”ni amalga oshirishga, ya’ni qalbaki dorilarni xaspo‘lashga urinib ko‘rdi. Shu niyatda “500 dollar beray, ishimni yopib yuboring” deyaverib surishtiruvchini holi-joniga qo‘ymadi. Bir kuni uning xizmat xonasiga kelgan “tadbirkor” stol ustida turgan yondaftarcha ichiga “xamir uchidan patir” deb 100 dollar solib qo‘ydi. U surishtiruvchiga qarab “dorilarimni qaytarib, ishni yopsangiz, qolganini keltiraman”, deyishni ham unutmadi.
Xonaga o‘rnatilgan videoyozuv moslamasiga qayd etilayotgan bu holat mavjud ashyoviy dalilga yana bir dalilni qo‘shib qo‘ydi.
Sud zali. “Qora kursi”da o‘tirgan ayblanuvchi vaziyat jiddiy tus olayotganini sezib, o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bo‘yniga olmay, rad etishga urindi. Ammo dalillarning hammasi unga qarshi edi.
- Sudlanuvchiga qo‘yilgan barcha ayblar ekspertiza xulosasi, ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish va muhrlash bayonnomasi, xatlangan dori vositalari dalolatnomasi, tadbir jarayoni yozib olingan video lavha hamda jinoyat ishida to‘plangan boshqa hujjatlar bilan isbotlandi, - deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi sudyasi Muso Yusupov. – Unga jazo tayinlashda jinoyatning og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi barcha holatlari hisobga olindi. Sudlanuvchiga ikki yil muddatga dori vositalari bilan savdo qilish huquqidan mahrum qilingan holda uch yildan ortiqroq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shu tariqa qalbaki dorilar xaspo‘shlanmadi, aksincha bu jinoyatni sodir etgan shaxs qonuniy jazosini oldi. Ashyoviy dalil sifatida olingan dori vositalari tegishli tartibda yo‘q qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA