O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shoir ruhi barhayot

2018-02-07 | Jamiyat

Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida II an’anaviy xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.

Navoiy shahridagi muhtasham Yoshlar markazida viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Mo‘g‘uliston kabi davlatlardan 20 dan ortiq taniqli navoiyshunos olimlar, yurtimizdan 200 ga yaqin professor va akademiklar, ijodkor ziyolilar, yosh olimlar, talabalar ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2016-yil dekabr oyida Navoiy viloyatida o‘tkazilgan saylovoldi uchrashuvida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada istiqlolning dastlabki yillaridan milliy o‘zligimizni anglash, buyuk ajdodlarimiz nomini tiklash, ularning ma’naviy merosini asrab-avaylash va targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. 
 
– Bu kun barcha turkiy xalqlarning bayrami. Chunki, 9 fevral o‘zbek, turkman, qozoq, qirg‘iz, turk, ozarbayjon xalqlariga birdek qadrli bo‘lgan buyuk mutafakkir tavallud topgan kun, – deydi Turkmaniston Fanlar akademiyasi qo‘lyozmalar instituti xodimi, filologiya fanlari nomzodi Rahimmuhammad Turenov. – Bu Navoiyning ezgulik, muhabbat, do‘stlik, adolat, tinchlik kabi olijanob fazilatlar, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar to‘g‘risidagi qimmatli g‘oyalari bilan uzviy bog‘liqdir. Shoir nomi bilan ataluvchi Navoiy viloyatida bunday yirik anjumanning o‘tkazilishi buyuk so‘z san’atkoriga bo‘lgan cheksiz ehtirom ifodasidir. Anjumanda Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asarida Husayn Bayqaroning o‘rni, “Boburnoma”da Alisher Navoiyning o‘rni mavzulariga murojaat qildim.
Darhaqiqat, shoir butun umr xalqqa xizmat qildi, barcha asarlarida ezgu g‘oyalarni targ‘ib etdi. Mutafakkir hayotini o‘rganar ekanmiz, umri davomida bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarida shaxsiy ibrat ko‘rsatganini anglaymiz.
 
– Alisher Navoiy asarlarida ta’lim va tarbiyaga alohida o‘rin ajratilgan, – deydi Qozog‘iston Milliy universiteti professori Azamat Akbarov. – Xususan, buyuk bobokalonimiz o‘z davrida bolani tarbiyalashda, avvalo, unga yaxshi munosabatda bo‘lish, turli rasmli va hikoyali mashqlar orqali bilim berish g‘oyasini ilgari surgan. XXI asrga kelib zamonaviy ta’limda ham bu usul keng qo‘llanilmoqda. Shu maqsadda Navoiy ta’lim maktabining qiyosiy tahlili bugungi ta’lim-tarbiyani rivojlantirishda katta muvaffaqiyat bo‘ladi.
 
Mamlakatimizda 2009 yilda Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilgan bo‘lsa, o‘tgan vaqt davomida Navoiy viloyatidan 34 nafar iste’dodli talaba mazkur stipendiya sohibi bo‘lgan. Xususan, Navoiy davlat pedagogika institutida mumtoz adbiyotga oshno, Alisher Navoiy asarlarini chuqur o‘rgangan, o‘qishi davomida tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan talabalar ko‘p. Muassasaning xorijiy tillar fakulteti rus tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi talabasi Hulkar Majidova 2017 yilda nufuzli stipendiya g‘olibi bo‘ldi.
 
– Otam adabiyotga ixlosmand bo‘lgani uchun yoshligimda ham uyimizda badiiy kitoblar juda ko‘p bo‘lardi, – deydi Hulkar. – Navoiy, Bobur asarlaridan ibratli hikoyalar, ruboiy va g‘azallar o‘qib berar, biz uni yod olar edik. Adabiyotga, ayniqsa, Navoiyni o‘rganishga qiziqish menda o‘sha paytlarda paydo bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab.
 
Navoiy ijodini o‘rganish va uni targ‘ib etish bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Buyuk mutafakkir asarlari turli tillarga mukammal tarjima qilinayotir.
 
– O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi tashabbusi bilan Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni ukrain tiliga to‘liq tarjima qilindi, – deydi O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi Favqulodda va muxtor elchisi A.Abdualiyev. – Dastlab asarni ukrainalik olim, shoir Nikolay (Mikola) Bajan 1941-1947 yillarda O‘zbekistonga evakuatsiyada bo‘lgan davrida tarjima qilishni boshlagan. Biroq o‘sha davrda ateizm rivojlangani sababli, Allohni tilga olish deyarli taqiqlangan. Shu bois, dostondagi sof muhabbat, do‘stlik, sevgi tuyg‘ulari Yaratganning bizga buyuk ne’matidir, degan tushunchalari olib tashlangan. Natijada asar o‘z asl mazmun-mohiyatini yo‘qotgan. Endilikda dostonni ingliz tiliga o‘girishni maqsad qilganmiz. Chunki, xalqaro siyosatda, diplomatiyada davlatlar o‘rtasida mustahkam munosabatlar o‘rnatish uchun uning ma’naviyatini, madaniyatini o‘rganish ayni muddaodir. 
 
Anjuman davomida navoiyshunoslar shu’balarga bo‘linib, buyuk mutafakkir ijodini o‘rganishda erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan masalalar xususida fikr almashdi. Buyuk mutafakkir asarlarini dunyo tillariga tarjima qilish, o‘quvchilarga tushunarli, ravon tilda bayon etish xususidagi izlanishlar samarasi tahlil etildi. Shoir ijodiga murojaat etib, falakiyot, pedagogika, tilshunoslik borasidagi boy tajribasidan unumli foydalanish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekani ta’kidlandi.
 
Konferensiya doirasida Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga oid ko‘rgazma tashkil qilinib, Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida yurtimizning taniqli aktyor va san’atkorlari tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, shoir g‘azallari bilan aytiladigan dilbar navolar yangradi.
 
Anjumanda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.
 
 
Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat),O‘zA

Поделиться