O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
2018-02-06 | Sog‘liqni saqlash
Mudofaa vazirligi hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamkorligida xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari fondning Tibbiy tashxis markazida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qilayotgan 50 nafar oila pediatr, okulist, endokrinolog, ginekolog, terapevt, xirurg kabi shifokorlar qabulida bo‘ldi. Ularga markaz shifokorlari tomonidan “Sovuq havoda shamollashdan saqlanish”, “O‘smirlik davriga xos xususiyatlar”, “Uy sharoitida kamqonlikning oldini olish”, “Qandli diabet nima?” kabi mavzularda tushuncha va tavsiyalar berildi.
Umida Asherovaning turmush o‘rtog‘i Shermuhammad Asherov 2000-yil xizmat burchini o‘tash vaqtida mardona halok bo‘lgan.
– O‘sha paytda turmush qurganimizga endigina uch yil bo‘lgandi. Men esa bir yarim yosh qizim bilan yolg‘iz qolgandim. Yaqinda qizim 19 ga kiradi, – deydi Umida opa. – O‘tgan vaqt davomida davlatimiz rahbariyati, qolaversa, Mudofaa vazirligi tomonidan bizga moddiy, ma’naviy yordam berib kelinmoqda. O‘tgan yil iyun oyida qizim bilan Xitoyga dam olishga yo‘llanma berishdi. Muntazam tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tishga chaqirishadi.
Inobat Ahatova, O‘zA