Ko‘zi ojiz bo‘lib tug‘ilgan bolakay yaqinlarining yordami bilan qoqilmay-surinmay yurishni endi o‘rgangan edi. Ammo qismatiga shu bitilgan ekanmi, to‘qqiz yoshida oyoqlari qandaydir kasallik sabab o‘ziga bo‘ysunmay qo‘ydi.
Ammo Botirjon taqdir uni qanchalik qiynamasin, unga qasdma-qasd irodasini toblab, yashashga o‘zida doimo kuch topdi. Voyaga yetgach, nogironlar ishlashi mumkin bo‘lgan korxonadan o‘ziga munosib ish topdi. Oila qurdi. Oilasi bilan ijara uyda mustaqil hayot kechira boshladi.
16 yildan ortiqroq vaqt aytishga oson. Biroq o‘zlari yordamga muhtoj bo‘lgan ikki nogiron insondan iborat oila topgan-tutganini ijara uy haqiga sarflab, amallab kun kechirib, umrguzaronlik qilardi. Ana shu mashaqqatlar uya qurgan hayot charxpalagi shunday aylanardiki, bu ikki yarimjonning qurbi kun kechirishga yetardi, xolos.
Aslida orzu qilish uchun ham insonda kuch-quvvat, kayfiyat, umid bo‘lishi kerak ekan. Botir akaning uy olishni orzu ham qilolmaganman, degan gaplarini eshitib shunday fikrga keldik.
Ammo xalqimizning oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, degan hikmatli so‘zlari amaliy ifodasi goho yon-atrofimizda sodir bo‘lishiga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Toshkentlik birinchi guruh nogironi Botir Hasanovga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi xonadon tuhfa etilgani fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.
– Bu xushxabarni eshitib avval quloqlarimga ishonmadim, – deydi B.Hasanov. – Mirobod tumani hokimligi xodimlari yangi xonadon kalitini qo‘limga tutqazishganida ham o‘zimni tush ko‘rayotganday his etdim. Sergeli tumanida joylashgan uyimizga ko‘chib kirganimizda ham bu haqiqat ro‘yoga aylanib qolmasmikan, degan qo‘rquvda yurdim. Axir, menga yetti uxlab tushimga ham kirmagan, o‘zim orzu ham qilolmagan katta baxt tuhfa etilgandi. Mana, o‘z uyimizda yashayotganimizga bir oydan oshdi. Bunday xayrli ishga bosh-qosh bo‘layotganlar uchun doim duodamiz.
O‘tgan yili davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslarning yashash sharoitlarini yaxshilash, ularga imtiyozli uylardan ajratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Uy-joyga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 1 ming 207 nafar fuqaroga arzon uy-joy ajratildi. Yordamga muhtoj shaxslarga uzoq muddatli ipoteka kreditlari boshlang‘ich to‘lovlari uchun 23 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.
Bu raqamlar zamirida mehr va e’tibordan obod bo‘lgan minglab ko‘ngillar bor. Bunday ezguliklar esa yurtimizga faqat yorug‘liklar tuhfa etadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA