O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent davlat agrar universitetida Konfutsiy instituti tashkil etiladi
2018-02-06 | Ta’lim
Qishloq xo’jaligi yo’nalishidagi Konfutsiy instituti dunyo tajribasida bo’lmagan va ilk bor O’zbekiston oliy ta’lim muassasasi qoshida tashkil etilmoqda.
Yangi ta’lim muassasasining faoliyati Toshkent davlat agrar universiteti bilan Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan Agrar universiteti o’rtasida yaqinda imzolangan memorandum asosida yo’lga qo’yiladi.
Maqsad universitetning iqtidorli talabalarini Xitoy universitetlarida qishloq xo’jaligi sohasida ta’lim olishi, professor-o’qituvchi va talabalar almashinuvini amalga oshirish, qishloq xo’jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda amalga oshirishdan iborat.
– Yil oxiriga qadar Sinzyan Agrar universiteti olimlari bilan “G’o’zani biologik himoya qilishda Xitoy texnologiyalarini qo’llash” va “Stressga chidamli qishloq xo’jaligi ekinlari genofondini yaratish” loyihalarini amalga oshirmoqchimiz, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik Botirjon Sulaymonov. – Ushbu loyihalar joriy yilda XXR Fan va texnologiyalar qo’mitasi hamda O’zbekiston Innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi va amalga oshiriladi.
Konfutsiy instituti davlat o’quv muassasasi sanalib, Xitoy universitetlari va boshqa davlatlardagi universitetlar hamkorligida tuziladi. Bugungi kunda dunyo bo’ylab 500 dan ortiq Konfutsiy instituti faoliyat yuritmoqda.