O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijonda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi
2018-02-06 | Jamiyat
Andijon viloyati hokimligi, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, bo‘lajak askarlarning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda milliy armiyamizni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Maydonda harbiy libosda saf tortgan bo‘lajak askarlar yuz-ko‘zidagi g‘ayrat-shijoat, o‘ziga ishonch va qat’iyat, jismoniy va ma’naviy barkamollik kuzatuvchilar, ayniqsa, ota-onalar qalbida g‘urur-iftixor tuyg‘ularini yanada yuksaltirdi. Muddatli harbiy xizmatga otlanayotgan yigitlarning aksariyati “Vatanparvar” tashkilotining sport-texnika klublarida tahsil olib, turli harbiy mutaxassisliklar, ma’lum jangovar ko‘nikmalarni egallagan.
– Farg‘ona shahridagi harbiy litseyni tamomlaganman, – deydi muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotgan Qo‘rg‘ontepa tumanilik Sherzodbek Alimov. – Litseyda tahsil olish bilan birga, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining haydovchilar tayyorlash kursini tamomladim. Harbiy xizmatga har jihatdan tayyor bo‘ldim. Maqsadim – yigitlik burchimni a’lo darajada ado etib, yurtimga munosib farzand bo‘lish, ota-onam, ustozlarim ishonchini oqlash.
Badiiy jamoalar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi. Bo‘lajak askarlarga sovg‘alar ulashildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA