Bu Namangan viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida chaqiriluvchilarning dastlabki guruhini muddatli harbiy xizmatga kuzatish marosimida ota-onalar nomidan so‘z olgan Muhayyo Badalovaning so‘zlari.
– O‘g‘limni milliy armiyamiz safiga – O‘zbekistonimiz tinchligini asrashdek muqaddas burchini o‘tashga kuzatayotganimdan behad baxtiyorman, – dedi u. – Barcha onalar singari o‘g‘limga yurtimiz, xalqimizga sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilishini, yorug‘ yuz bilan qaytishini tilayman.
Viloyat hokimligi, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, yoshlar va ota-onalar ishtirok etgan tadbirda davlatimiz ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanib borayotgani ta’kidlanib, shunday Vatanda yashash va uni himoya qilish yuksak sharaf ekani uqtirildi.
– Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni milliy armiyamiz tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz va xalqning faol hamkorligi natijasida Qurolli Kuchlarimiz tom ma’noda jamiyatning ajralmas qismiga, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining ishonchli kafolatiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanib borayotganini ta’kidladi, – deydi zaxiradagi podpolkovnik A’loxon Turg‘unov. – Aminmanki, sizlar ham bu ishonchga munosib holda o‘z konstitutsiyaviy burchingizni sharaf bilan ado etib, bir yildan so‘ng yaqinlaringiz bag‘riga yorug‘ yuz bilan qaytasiz.
Taniqli san’atkor va yosh iste’dodlar ijrosidagi konsert dasturi, yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Vatan himoyachilariga dasturxon yozilib, viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.
Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA