O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Partiyalar aholi fikrini tinglash va dolzarb masalalarga yechim topishda faol qatnashmoqda
2018-02-06 | Jamiyat
Poytaxtimizda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi.
Partiya markaziy kengashi raisi S.Otamurodov va boshqalar partiya faoliyati deputatlik birlashmalarining xalq bilan yaqindan muloqot qilishi asosida shakllantirilganini ta’kidladi. Belgilangan chora-tadbirlarni hayotga keng tatbiq etish, uni nazoratga olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa samarali natijalarga erishishda muhim omil bo‘layotir.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan keng hamkorlik qilish maqsadida memorandum imzolandi. Hamkorlikda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosi yuzasidan 194 ta deputatlik so‘rovi yuborildi.
Plenumda fraksiyaning nazorat-tahlil faoliyati ham sarhisob qilindi. Fraksiya tashabbusi bilan 2018-yildagi Davlat byudjeti loyihasiga madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish uchun 38,7 milliard so‘m mablag‘ ajratish taklifi berildi. 2017-yilda ushbu maqsadlarga 22,5 milliard so‘m sarflangan edi.
O‘tgan yili partiyaga jismoniy va yuridik shaxslardan 8 ming 191 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 3 ming 409 tasi partiya tomonidan ijobiy hal etilgan. Qolgan murojaat qiluvchilarga huquqiy maslahatlar berilib, tegishli tashkilotlarga yuborilgan. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Partiya tomonidan tuman hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda uyushmagan yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahallalar bo‘yicha turli sabablarga ko‘ra chet elga chiqib ketgan, o‘qimaydigan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar aniqlanib, ular haqida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi hamda hududiy, mahalliy partiya tashkilotlari tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ularni amaliyotga tatbiq etish borasida tizimli choralar ko‘rilayotir.
Yoshlar va ayollarning muammolarini hal etishga qaratilgan «Deputat bilan yuzma-yuz», «Uyma uy» hamda «Xizmat-beminnat» loyihalari doirasida 4 mingga yaqin yosh kasb-hunarga yo‘naltirildi, 300 nafardan ziyod uyushmagan yosh doimiy ish bilan ta’minlandi, 40 nafar yoshga 345 million so‘mdan ortiq kredit ajratishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Plenumda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 2018 yildagi vazifalar belgilab olindi.