O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yangi loyihalar imkoniyatlari

2018-02-06 | Iqtisodiyot

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda Samarqand viloyatiga tashrifi davomida hududda sanoat, servis va xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa sohalarni rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab loyihalar taqdimoti o‘tkazilgan, ko‘plab tashabbuslar ilgari surilib, vazifa va topshiriqlar belgilab berilgan edi.

Bugungi kunda ushbu loyihalarning aksariyati amalga oshirilib, viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlanlashga xizmat qilmoqda. 

Jumladan, sanoat sohasida umumiy qiymati 203,8 milliard so‘mlik 8 loyiha ishga tushirildi va 1583 ish o‘rni yaratildi. Qishloq xo‘jaligiga kiritilgan investitsiyalar esa 91,1 milliard so‘mlik 7 loyihani o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish imkonini berdi. 

Fikrimizni Samarqand tumanidagi korxonalar faoliyati misolida davom ettiramiz.

Savdogarlikdan ishlab chiqarishga

 
Davlatimiz rahbari tashrifi chog‘ida Samarqand tumanidagi “Sam Rafoat tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga oid loyiha bilan tanishgan edi. Umumiy qiymati 43 milliard 700 million so‘mlik mazkur loyiha doirasida ayni paytda qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. 

Ushbu loyiha tashabbuskori “Sam Rafoat tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, yosh tadbirkor Shuhrat Hamdamov. 

– Tadbirkorlikni savdo-sotiq ishlari bilan boshlaganman, – deydi Shuhrat Hamdamov. – Xorijdan tekstil mahsulotlari keltirib, bozorda sotardim. Yurtimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor, ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish uchun berilgan imtiyozlar turtki bo‘lib, xorijdan mahsulot emas, texnologiya olib kelish harakatiga tushdim. 2010-yilda AQShdan zamonaviy texnologiya keltirib, baxmal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Ishimiz yurishib, mahsulotimizga ichki va tashqi bozorda tezda xaridor topildi. Lekin bozorni o‘rganish jarayonida bu mahsulotning eksport geografiyasi keng emasligini sezgach, 2014-yilda sochiq ishlab chiqarishni ham boshladik. Yaponiya, Belgiya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar har qanday o‘lcham va dizayndagi sifatli sochiq ishlab chiqarish imkoniyatini berdi. Natijada qisqa vaqtda mahsulotimizning asosiy qismini eksportga chiqara boshladik. 

150 kishi mehnat qilayotgan korxonada hozir kuniga 2200 kilogramm ip-kalavadan sifatli sochiq va baxmal tayyorlanmoqda. Mahsulotning qariyb 80 foizi Rossiyaga eksport qilinadi. O‘tgan yili korxona tomonidan 300 ming dollarlik eksport shartnomalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
– Faoliyat boshlaganimdan buyon yurtimizda va xorijda o‘tkaziladigan sanoat yarmarkalarida ishtirok etib kelaman, – deydi Shuhrat “mahsulotga xaridor topish qiyin emasmi”, degan savolimizga javoban. – “O‘zto‘qimachilik sanoat” uyushmasi, savdo-sanoat palatasi a’zosiman. Ular tomonidan tashkil etiladigan har bir seminar, xalqaro tadbirlarda qatnashaman. Hamkorlarimning aksariyatini ana shunday yarmarka va tadbir orqali topganman. Jumladan, hozir Rossiyaga chiqarilayotgan mahsulotga xaridorlar bilan o‘tgan yil Moskvada o‘tkazilgan yarmarkada shartnoma tuzganmiz. Keyingi ikki yil davomida Ukrainadagi bozorni o‘rganib, joriy yilda ushbu davlatda o‘z savdo uyimizni ochishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, aprel oyida Belarus Respublikasida tashkil etiladigan xalqaro sanoat yarmarkasida qatnashishni mo‘ljallab turibmiz. 

Prezidentimizning 2017-yil 9-10 noyabr kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida o‘z mahsulotlarimizni namoyish etib, faoliyatimizni kengaytirishga oid loyiha taqdimotini o‘tkazgan edik. Davlatimiz rahbari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Bundan ruhlanib, korxonaning ikkinchi liniyasini ishga tushirish harakatini boshlab yubordik. Yaponiyadan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalar keltirish bo‘yicha shartnomalar imzolaganmiz. Hamkorlarimiz uskunalarni shu yilning iyun oyigacha yetkazib berishadi. Ungacha biz ham qurilish ishlarini yakuniga yetkazib, nasib etsa, yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarish hajmini keskin oshiramiz. Ana shunda korxonamiz kuniga 6,5 tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega bo‘ladi. 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Eng muhimi, eksport salohiyatimiz hozirgidan bir necha barobar yuqori bo‘ladi. 

“Oq Amur baliqlari” intensiv texnologiya asosida ishlaydi 

Tumandagi “Oq Amur baliqlari” fermer xo‘jaligi Samarqand viloyatidagi baliqchilik xo‘jaliklari orasida o‘z o‘rni, mavqeiga ega. 

2009-yilda bitta sun’iy hovuzda baliq yetishtirish bilan ish boshlagan xo‘jalik bugungi kunda 10 ga yaqin hovuzda “luqmai halol” tayyorlamoqda. Fermer tomonidan o‘tgan yil 108 tonna baliq, 25 tonna baliq chavog‘i yetishtirildi.
 
– Prezidentimizning 2017-yil 1-maydagi “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojida muhim qadam bo‘ldi, – deydi “Oq Amur baliqlari” fermer xo‘jaligi rahbari o‘rinbosari Maqsud Akromov. – Ushbu hujjatga muvofiq “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va uning tarkibida joylarda baliqchilik tarmog‘i tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtiruvchi hududiy “Baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etildi. Xususan, Samarqand “Baliqsanoat” MChJ bizning xo‘jaligimiz hududida faoliyat boshladi. 

Mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalar asosida xo‘jaligimizda ham baliq mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish, baliq chavoqlarini ko‘paytirish va ozuqa bazasini mustahkamlash, suv havzalari resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, baliq yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usul va intensiv texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida fermer xo‘jaligimiz yetakchisi Vetnam, Indoneziya va Malayziyada bo‘lib, sohani rivojlantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishib qaytdi. 

Ayniqsa, Vetnam davlatida intensiv texnologiya asosida baliq va baliq chavoqlari yetishtirish usuli e’tiborimizni tortgach, mazkur texnologiyani o‘zimizda ham joriy etishga qaror qildik. Shu asosda intensiv usulda baliq parvarishlashga mo‘ljalangan oltita sun’iy suv havzasi, baliq ko‘paytirish inkubatsiya sexlari, omixta yem tayyorlash, 300 tonnalik sig‘imga ega muzlatkichli omborxona, baliqni qayta ishlash va saqlashga mo‘ljallangan joylar tashkil etishni o‘z ichiga olgan loyiha ishlab chiqildi. Ushbu loyiha davlatimiz rahbari tomonidan ham ma’qullangach, uni amalga oshirishga kirishildi. 

Loyihani hayotga tatbiq etish maqsadida “Ipoteka” banki tomonidan fermer xo‘jaligiga 5 milliard 230 million so‘m kredit ajratildi. Bugungi kunda intensiv usulda baliq yetishtirishga mo‘ljallangan sun’iy suv havzalari tashkil etish yakuniga yetkazilgan. Inkubatsiya sexlari, omixta yem tayyorlash va muzlatkichli omborxona, ishchilar uchun turar joylar qurilishi ham yaqin orada yakunlanadi. Omborlar uchun esa xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. 

– Loyiha amalga oshgach, ushbu hovuzlarning o‘zida yiliga 300 tonna baliq yetishtirish imkoniyati yaratiladi – deydi M.Akromov. – Shuningdek, viloyatimizdagi baliqchilik xo‘jaliklarini chavoq bilan ta’minlash ko‘rsatkichlari ham ancha oshadi. 

Mazkur loyihalardan tashqari, bugungi kunda tumanda intensiv yong‘oqzorlar tashkil etish uchun “Samarqand meva-sabzavotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 14,6 gektar, “Mironqul meva-sabzavotlari” MChJga 159 gektar yer maydoni ajratilib, ko‘chat ekishga tayyorlangan. “Maroqand parranda” parrandachilik korxonasi negizida esa 2 million bosh kurka boqishga mo‘jallangan loyiha amalga oshiriladi. Buning uchun korxonaga yer maydoni ajratib berilgan.

 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA

Поделиться