O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik boshqarmasiga 2017-yili kelib tushgan fuqarolar murojaatlari tahlili
2018-02-02 | Jamiyat
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan e’lon qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” va Prezident hamda Tashqi ishlar vazirining virtual qabulxonalari ochilishi munosabati bilan TIV Konsullik boshqarmasida murojaatlarni xolis, to‘liq va o‘z vaqtida ko‘rib chiqishni ta’minlash uchun diplomatik xizmatda katta tajribaga ega bo‘lgan konsullik xodimlari va huquqshunoslardan iborat fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Maxsus ishchi guruhi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasiga mamlakatimiz tashqi siyosati, O‘zbekistonning xorijdagi fuqarolari konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalar bo‘yicha fuqarolar shikoyatlari kelib tushmoqda.
Murojaatlar Konsullik nizomi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi ishchi guruhi tomonidan belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi.
2017-yili Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasi tomonidan fuqarolardan jami 4857 ta murojaat qabul qilindi. Bundan 2551 ta (52%) murojaat O‘zbekiston Prezidenti virtual qabulxonasi orqali, qolgan qismi (48%, yoki 2306) vazir virtual qabulxonasi, pochta xizmati va boshqa tizimlar orqali yo‘naltirilgan. Ma’lumotlar tahlili ko‘rsatishicha, murojaatlar soni 2016-yilga nisbatan ikki barobar ortdi. Bu holat Prezident va vazirning virtual va xalq qabulxonalari faoliyati bilan bog‘liq.
Hisobot davrida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasiga muvofiq 75 ta ariza anonim bo‘lgani uchun ko‘rib chiqilmagan.
Arizalarda ko‘rsatilgan masalalar xarakterini quyidagi tarzda tasniflash mumkin:
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ularning huquq va manfaatlarini tiklash bo‘yicha konsullik va yuridik yordam ko‘rsatish;
- xorijdagi qarindoshlari va yaqinlari o‘limi sabablarini aniqlash va jasadlar keltirishda yordam berish;
- chet el davlatlari hududida o‘zlariga yoki yaqin qarindoshlariga qarshi jinoiy ishlarni obyektiv tergov qilinishini ta’minlash;
- aliment, imtiyozlar, ish haqini undirish va shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarilishida yordam ko‘rsatish;
- chet eldagi yaqin qarindoshlarni qidirish va ularni vataniga qaytarish.
Shu bilan birga, Vazirlikning fuqarolar bilan muloqoti oshkoraligini ta’minlash maqsadida TIVning chet eldagi muassasalari va hududlardagi bo‘linmalari bilan birgalikda 2017-yil 5-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining vatandoshlar bilan bevosita muloqoti o‘tkazildi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot davomida Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalariga O‘zbekiston fuqarolaridan 208 ta murojaat keldi hamda studiya, mamlakat hududi va chet eldagi fuqarolarning 39 ta savoliga javob berildi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot davomida qabul qilingan boshqa 169 ta savol bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- 116 ta murojaat Vazirlik tomonidan ko‘rib chiqildi, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik idoralariga o‘z vakolati doirasida hal qilish uchun tegishli topshiriq yuborildi;
- 53 ta murojaat ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun tegishliligi bo‘yicha vazirliklar va idoralarga jo‘natildi.