O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elektron navbat joriy etilishi uzoq vaqt kutish azobidan qutqaradi. Bu borada qanday amaliy ishlar qilinmoqda?
2018-02-01 | Texnologiyalar
Kundalik hayotda ishimiz tez-tez tushishi mumkin bo‘lgan sohalar – poliklinika, bank, notariat va boshqa muassasalarga borganda uzoq navbat kutish odamlarni qiynayotgan muammolardan sanaladi. Bunga barham berish maqsadida elektron navbatlar joriy etilayotgani quvonarli.
Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinikada “elektron navbat” tizimi ishga tushirildi. Bu aholiga shifokor qabuliga internet orqali yozilish imkoniyatini yaratdi. Shifokor qabuliga kelgan bemor uchun ham shu yerning o‘zida elektron navbat olishi mumkin.
Demak, bemorning shifokor qabuliga kirish vaqti aniq. Endi u eshik oldida sarg‘ayib o‘tirishiga yoki navbat talashib asabini buzishiga hojat yo‘q. U boshqa ishlarini qilib yoki boshqa mutaxassislarga uchrab, qaytib kelib o‘z vaqtida shifokor huzuriga kiradi.
Bu amaliyot Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda aholiga qulayliklar yaratishga qaratilgan ishlar doirasida joriy etildi. Bu haqda qo‘mitaning 2017 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga oid majlisida ma’lum qilindi.
– Kutish vaqtini foydali tashkil qilish maqsadida poliklinika hududida wi-fi zona ham tashkil etildi, deydi qo‘mita a’zosi Ulug‘bek Samadov. – Bu orqali navbatini kutayotgan fuqaro bepul internet orqali salomatlikka doir foydali ma’lumotlar bilan tanishib borishi mumkin. Poliklinika o‘rnatilgan monitorlarda sog‘liqni saqlashga oid foydali ma’lumotlar taqdim etib borildi. Bir so‘z bilan aytganda, poliklinikaga kelgan fuqaroning qulayliklardan ko‘ngli ravshan tortadi.
Poliklinikada barcha davolanuvchilarning 24 ming tibbiy ambulator kartalari elektron ham formatga o‘tkazilgan.
Norgul Abduraimova, O‘zA