O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Profilaktik hisobdan chiqarilgan Surxonbek Yoshlar ittifoqi tuman kengashi yetakchisi bo‘ldi

2018-02-01 | Jamiyat

Dehqonobodlik Surxonbek Norpo‘latov yoshlik qilibmi yo qiziqqonligi boismi, sinfdoshi bilan janjallashib qolib, profilaktik hisobga tushadi.

– Shundan so‘ng oilamizda xotirjamlik yo‘qoldi, – deydi Surxonbek. – Mening bu xatoim jabrini ko‘proq ota-onam tortdi. Men tufayli ruhan tushkunlikka tushib, “farzandimning taqdiri ertaga qanday bo‘larkin?” degan o‘y-tashvish ularni tark etmasligini ich-ichimdan sezib turardim.

Ana shunday kunlarning birida uyimizga Yoshlar ittifoqi yetakchisi va mahalla posboni kelib, tuman hokimligiga yig‘ilishga borishim kerakligini aytishdi. Yig‘ilishda Yoshlar ittifoqining viloyat va tuman kengashlari mas’ullari ittifoqning maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shundan so‘ng sport va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha “Nihol” sport-sog‘lomlashtirish oromgohiga taklif etildim.

Oromgohda shaxmat-shashka, stol tennisi, futbol, voleybol bo‘yicha turnirlar, “Shunqorlar” harbiy sport musobaqalari o‘tkazildi. Malakali mutaxassislar (psixolog, huquqshunos, tibbiyot va tadbirkorlik yo‘nalishlarida) tomonidan har bir voyaga yetmagan yosh bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilib, ularning ruhiyati, kayfiyati, muammo va takliflari o‘rganib chiqildi.

Shuningdek, oromgohda “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Milliy qadriyatlarimiz asosida “Vatan kelajagi – sening qo‘lingda”, “Jannatmakon diyorim” mavzularida rasmlar, “Mustaqillik mening nigohimda” insholar tanlovi tashkil etildi. Oromgohda o‘tgan birinchi kunimdan oxirgi kungacha barcha loyihalarda faol qatnashdim va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tavsiyasi asosida muddatidan oldin profilaktik hisobdan chiqarildim. Bu men, oila a’zolarim, ota-onam uchun katta xushxabar bo‘ldi.

Oromgohdan qaytgach, Yoshlar ittifoqi tuman kengashining faol a’zosi bo‘lishga harakat qildim. Bu orada kasb-hunar kollejiga ham o‘qishga qabul qilindim. O‘z ustimda tinmay ishladim, yaxshi o‘qib, o‘rganishim natijasida ittifoqning tuman kengashi yetakchisi bo‘ldim.

Bugun mana shunday yutuqlarga erishar ekanman, biz yoshlarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida yanada sidqidildan ishlashim kerakligini anglab yetdim. Tengdoshlarimga mening taqdirim saboq bo‘lib, to‘g‘ri yo‘ldan adashmang, ota-onangizni qadrlang, bugungi tinch hayotimiz, bizga yaratib berilayotgan sharoitlardan unumli foydalaning, deyman. Ishoning, yurtimizda yaxshi yashash uchun, o‘zing yaxshi ko‘rgan kasbda ishlash uchun barcha sharoit bor. Imkonni qo‘ldan boy bermang!


O‘lmas Barotov, Jamshid Norkobilov (surat), O‘zA

Поделиться