O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qidiruvdagi ot o‘g‘risi qo‘lga olindi
2018-01-31 | Jamiyat
Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar hududda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, turli huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va jinoyatchilikning oldini olishda yuksak samaralar bermoqda.
Bo‘ka tumani Ko‘korol mahallasida yashovchi, 1976-yilda tug‘ilgan J.Salimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2017-yil 9- dekabr kuni tunda noma’lum shaxs “Sherali Begzod Fayz” fermer xo‘jaligi dala maydonidan bir bosh qora molni o‘g‘irlab ketganini ma’lum qilgan.
Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Toshkent tumanida yashovchi, 1981- yilda tug‘ilgan K.Dostonov va 1980 yilda tug‘ilgan A.Niyozov sodir qilgani aniqlandi. Ayblanuvchilar qo‘lga olinib, ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi, 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ashyoviy dalil sifatida olingan bir bosh qora mol jabrlanuvchiga qaytarildi.
Quyi Chirchiq tumanida 2017- yil 5 mayga o‘tar kechasi Abay nomidagi mahallada yashovchi fuqaro S.Mustafoyevga tegishli, narxi taxminan 2 million 500 ming so‘m bo‘lgan bir bosh ot shu mahallada joylashgan “Alfa” fermer xo‘jaligi dalasidan o‘g‘irlab ketilgan. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari natijasida jinoyatchi qo‘lga olindi.
Jinoyatchi tumandagi Qalmoq mahallasida yashovchi, 1995- yilda tug‘ilgan P.Murodov ekani aniqlandi.
Xalqimizda “O‘g‘rilik mol boy qilmas” degan naql bejiz aytilmagan. Qonunbuzarlar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, barchasi qilgan aybiga iqror bo‘lgan holda qilmishidan pushaymon bo‘lmoqda.
Shunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida viloyat IIB tergov boshqarmasi xodimlari mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash, sodir etilgan jinoyat, sud va tergov jarayonlariga aloqador holatlarni o‘rganish, tinchlik-osoyishtalik va totuvlikni mustahkamlash bo‘yicha jamoatchilik bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazmoqda.
Abdujalol Musayev, O‘zA