O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sud 18 oylik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan ona va uning jinoiy sherigiga hukm chiqardi
2018-01-31 | Jamiyat
Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida yashovchi M.Q. o‘tgan yilning noyabr oyida o‘z qizini sotmoqchi bo‘lganida viloyat ichki ishlar xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olingan edi.
Sherobodlik tanishi T.X. bilan jinoiy til biriktirib, 18 kunlik chaqalog‘ini 500 ming so‘mga pullamoqchi bo‘lgani haqidagi bunday voqealarni eshitganda, xalqimizning “Bukrini go‘r tuzatadi”, degan maqoli beixtiyor yodga tushadi.
Foydali mehnat bilan shug‘ullanmagan M.Qning yurish-turishi farzandlari tarbiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Ichki ishlar idoralari xodimlari, jamoatchilik uni bu yo‘ldan qaytarishga urindi. Biroq, foydasi bo‘lmadi. Natijada jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tuman sudining 2017 yil 26 maydagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi, 2-qismi bilan aybdor deb topilib, unga eng kam oylik ish haqining o‘n barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Qilmishi bo‘yicha ehtiyot chorasi sifatida “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat qo‘llanildi”. Lekin, bundan tegishli xulosa chiqarmay yana jinoyatga qo‘l urdi. Ona degan muqaddas nomga dog‘ tushirdi.
M.Q.ning jinoiy sherigi T.X. esa to‘rtinchi marta sudning qora kursisiga o‘tirdi. Ilgari xavfli qilmishlari uchun tayinlangan jazo muddatlarini o‘tab chiqqan bu kimsa, qayta jinoyat sodir etdi. Norasida go‘dakni sotishga sherik bo‘ldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat Qiziriq tuman sudida hukm o‘qildi. M.Q. besh, T.X. olti yilga ozodlikdan mahrum etildi. Odil sud majlisida M.Q.ning voyaga yetmagan bir qiz va bir o‘g‘lini mehribonlik uyiga, sotmoqchi bo‘lgan chaqalog‘ini esa bolalar uyiga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA