O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xovosda 98 oila yangi uyga ko‘chib o‘tdi
2018-01-31 | Jamiyat
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi Turkiston massivida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan 16 xonadonga mo‘ljallangan 2 qavatli bitta hamda har biri 2 sotixli yeri bo‘lgan sakson ikkita uy foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida aholi uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish, namunaviy loyihalar asosidagi arzon uy-joylar barpo etishga qaratilayotgan alohida e’tibor aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2016-yil 21- oktabrdagi "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
– Yaratganga shukr, yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilgan arzon uy-joylardan biriga ega bo‘ldik, – deydi avtokorxona chilangari Shavkat Meliboyev. – Turmush o‘rtog‘im va 2 farzandim, shuningdek, uch aka-uka kichkina bir hovlida tiqilishib turardik. 3 xonali zamonaviy uyning oldida 2 sotixli yeri ham bor. Mehmonxona, dam olish, bolalar xonasi alohida, tashqi va ichki oshxona, hatto, og‘ilxona va individual isitish qozonxonasi ham bor ekan. Xullas, bir oilaning baxtiyor hayot kechirishi uchun barchasi muhayyo. Nihoyatda xursandman.
Milliy urf-odatlarimizga ko‘ra, Xovos tumani hokimligi tomonidan uy to‘yiga atab dasturxon yozildi, osh damlandi. San’atkorlar ijrosidagi sho‘x kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA