O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Murojaatnoma
2018-01-31 | Jamiyat
Ichki ishlar vazirligi Yong’in xavfsizligi bosh boshqarmasining respublika aholisi hamda tashkilot, korxona va muassasalarning rahbarlariga
Aziz hamyurtlar! Ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida gaz hamda elektr isitish moslamalaridan foydalanishga bo’lgan ehtiyoj ortib boradi. Bunday paytlarda ayrim fuqarolarning ehtiyotsizligi oqibatida ko’ngilsiz hodisalar sodir bo’lishi mumkin.
Ularning oldini olish maqsadida, gaz va elektr uskunalardan hamda isitish moslamalaridan foydalanishda quyidagi yong’in xavfsizligi talablariga rioya qilishingizni so’raymiz:
-qo’lbola hamda nosoz gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanmang;
-isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiyasi va yo’riqnomasi talablariga rioya qiling;
-isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyum va oson alangalanuvchi mahsulotlarni saqlamang;
-gaz uskunalarini ulash tartib qoidalariga rioya qiling;
-mabodo gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko’ring va bu haqda gaz xizmatiga xabar bering;
-isitish pechlari va ularning mo’rilari sozligiga e’tibor bering.
Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz o’zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni yong’indan asrab qolgan bo’lasiz.
O’zbekiston Respublikasi IIV Yong’in xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot xizmati