O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Karantin ruxsatnomasi va fitosanitar sertifikati bo‘lmagan mahsulotlar O‘zbekistonga kiritilmaydi
2018-01-31 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hududini o‘simliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish va O‘simliklar karantini sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
Nizomlarga ko‘ra, respublikaga karantin nazoratidagi maxsulotlarni olib kirishga O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan karantin ruxsatnomasi hamda eksport qiluvchi mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi bo‘lgandagina ruxsat beriladi.
Vakolatli davlat organlari mavjud bo‘lmagan eksport qiluvchi mamlakatdan o‘simliklar karantin nazoratidagi mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirishga Inspeksiya tomonidan har bir partiyaga alohida holda beriladigan karantin ruxsatnomasi bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Karantin ruxsatnomasini olish uchun yuridik va jismoniy shaxslar Inspeksiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
karantin ruxsatnomasini berish to‘g‘risida ariza;
karantin ruxsatnomasini berish to‘g‘rsidagi arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im (eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida) to‘langanligini tasdiqlovchi bank hujjati.
Ariza beruvchidan boshqa hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ruxsatnoma berish yoki uni rad etish huqidagi qaror ariza berilgan kundan boshlab yetti ish kuni davomida qabul qilinishi kerak.