Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining atoqli farzandi Islom Karimov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.
Istiqlol yillarida mamlakatimiz erishgan barcha yutuq va marralar Birinchi Prezidentimiz nomi va faoliyati bilan bog‘liq. Islom Karimov mamlakatimizni jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, mustaqil va mustahkam davlatga aylantirdi.
...2018-yil. 30- yanvar. Birinchi Prezidentimiz qator yillar mehnat qilgan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri markazi. Atrof oppoq qorga burkangan, osmon musaffo. Muazzam bino tepasida davlatimiz bayrog‘i hilpiraydi.
Bu yerga O‘zbekiston Qahramonlari, fan va madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, Qashqadaryo viloyatining keng jamoatchiligi, talaba-yoshlar Islom Karimov haykali ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etish uchun yig‘ilgan.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Islom Karimov Qashqadaryo viloyatining iqtisodiyotini ko‘tarish, odamlarni rozi qilish yo‘lida tinim bilmay mehnat qildi. Viloyat ahli, yoshi ulug‘lar u kishining mehnasevarligi, ezgu tashabbuslari va beminnat yordamlarini hamon unutishmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Birinchi Prezidentimiz rafiqasi Tatyana Karimova Islom Karimov haykalini ochdi. Buyuk Yurtboshimiz haykali poyiga gullar qo‘yildi, uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Islom Karimov bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurishning chuqur o‘ylangan strategiyasini ishlab chiqqan va uni amalga oshirgan buyuk davlat arbobi sifatida mamlakatimizda va xalqaro maydonda yuksak obro‘-e’tibor qozondi.
Birinchi Prezidentimiz boshlab bergan olamshumul islohotlar bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida izchil davom ettirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning o‘zining buyuk farzandiga cheksiz hurmat va sadoqatining amaliy ifodasi bo‘ldi. Qarorda ko‘zda tutilganidek, Birinchi Prezidentimiz nomini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi. Toshkent shahar, Yashnobod tumanining Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi jom’e masjidga “Islom ota” nomi berildi. Samarqand shahrida Islom Karimov muzeyini tashkil etish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi. Qaror ijrosi doirasida Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka shahridagi avtomobil zavodi, Farg‘ona shahridagi San’at saroyi, Toshkent xalqaro aeroporti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi. Toshkent, Samarqand, Qarshi shaharlarida u kishining haykali o‘rnatildi.
Davlatimiz rahbarining 2017- yil 27- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan mamlakatimiz bo‘ylab madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazilmoqda.
Marosimda Qashqadaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining raisi Esonboy Rajabov, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, Qarshi davlat universiteti dotsenti Abdurahim Erkaev, Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova so‘zga chiqib, Islom Abdug‘aniyevich Karimov Qashqadaryo xalqini cheksiz muhabbat bilan sevgani, bu vohani sanoati rivojlangan hududga aylantirgani, qolaversa, umrining so‘nggi kunlariga qadar butun hayotini O‘zbekistonga xizmat qilishga bag‘ishlagani, uning so‘nmas xotirasi minnatdor yurtdoshlarimizning, butun xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qolishini ta’kidladi.
Shu kuni Islom Karimov haykali poyi gullarga burkandi.
Keng jamoatchilik vakillari Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Abu Bakir O‘rozov, O‘zA