O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Media soha va jamoatchilik fikri
2015-04-25 | Jamiyat
O'zbekiston Fanlar akademiyasida "Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o'rganish markazi tomonidan "Jamiyatda ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik fikri: tadqiqot muammolari va uslublar" mavzuida ilmiy-amaliy seminar o'tkazildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YuNESKO ishlari bo'yicha milliy komissiya, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminarda senatorlar, deputatlar, oliy o'quv yurtlari professor-o'qituvchilari, yosh olimlar, tadqiqotchilar, ekspertlar ishtirok etdi.
"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o'rganish markazi direktori R.Ubaydullayeva, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) S.Rashidova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, aholining barcha qatlami manfaatlarini himoyalash, yurtdoshlarimizning axborot olishga oid huquq va erkinliklarini ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi milliy media sohani ravnaq toptirish, uning jahon andozalari darajasida faoliyat ko'rsatishi uchun zarur shart-sharoit yaratishning yangi istiqbollarini belgilab berdi. Unga ko'ra, axborot sohasiga oid qonunchilik muttasil takomillashtirib borilayotgani mavjud OAV faoliyatining sifat va samaradorligini oshirish, axborot sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali nodavlat OAV tarmog'ini tobora kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O'zbekiston Respublikasining 2014-yil 5-maydagi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida»gi qonuni bu jarayonda fuqarolarning axborot sohasiga oid huquqlarini ta'minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mas'uliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Mazkur qonun fuqarolik jamiyati institutlari vakillariga davlat organlari faoliyatiga oid axborotlarni to'siqsiz olishning ishonchli kafolatini yaratish imkonini beradi.
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o'rganish markazi mamlakatimiz va dunyo hamjamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi eng dolzarb masalalar bo'yicha jamoatchilik fikrini o'rganish, mazkur sohani takomillashtirish yuzasidan samarali faoliyat olib bormoqda. Jamoatchilik fikrini o'rganish maqsadida o'tkazilayotgan turli so'rovlar, kompleks sotsiologik tadqiqotlar jamiyat hayotining turli jabhalariga doir dolzarb masalalarni o'z vaqtida aniqlashda muhim omil bo'lmoqda.
Seminarda jamoatchilik fikrini o'rganishning dolzarb masalalari va tadqiqot uslublari, OAV bilan jamiyatning o'zaro ta'sirini o'rganish yuzasidan uslubiy yondashuvlarga oid ma'ruzalar tinglandi. Muhokama etilgan masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.