O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Birinchi Prezidentimiz xotirasi hamisha barhayot
2018-01-30 | Jamiyat
Andijon davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoir-yozuvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda milliy mustaqilligimiz va zamonaviy davlatchiligimiz asoschisi bo‘lgan Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz tarixan qisqa davrda ulkan yutuq va marralarni qo‘lga kiritib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallagani alohida ta’kidlandi.
Ishtirokchilarga ulug‘ Yo‘lboshchimizning hayoti, faoliyati, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi buyuk xizmatlari haqida keng ma’lumot berildi.
– Birinchi Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida yurtimizda asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi, O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z o‘rni va so‘ziga ega davlatga aylandi, – deydi Andijon davlat universiteti talabasi Mohinur Abdurahmonova. – Ayniqsa, biz yoshlarga o‘z iste’dod va salohiyatimizni to‘la namoyon etishimiz uchun barcha imkoniyat yaratib berildi. O‘zbekistonimizning barcha yoshlarini farzandlarim deb, hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda ulg‘ayishimiz uchun kuyib-yonib yashagan buyuk Yo‘lboshchimiz xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi.
Anjuman doirasida Birinchi Prezidentimizning “O‘zbekiston” va “Ma’naviyat” nashriyotlari tomonidan chop etilgan kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA