O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Milliy iftixorimiz timsoli
2015-04-25 | Jamiyat
Mamlakatimizni yanada yuksaltirish, uning xalqaro maydondagi obro'-e'tibori oshishiga hissa qo'shish, xalqimizning farovonligini ta'minlash yo'lida qilingan har qanday ezgu ish munosib taqdirlanadi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan tariximizni, milliy an'ana va qadriyatlarimizni, olijanob orzu-intilishlarimizni o'zida aks ettirgan orden va medallar ta'sis etilgani bu boradagi ishlarning mustahkam asosi bo'lib xizmat qilmoqda.
Amir Temur ordeni Vatanimizning shunday yuksak mukofotlaridan biridir.
Prezidentimiz rahnamoligida tarixiy adolatni qaror toptirish, xalqimizning milliy g'ururini yuksaltirishga qaratilayotgan alohida e'tibor samarasida Amir Temur xotirasi va boy merosi tiklandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1996-yil mamlakatimizda Amir Temur yili, deb e'lon qilindi va Sohibqiron tavalludining 660-yilligi keng nishonlandi. Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-apreldagi qonuniga binoan Amir Temur ordenining ta'sis etilishi bu borada yana bir muhim qadam bo'ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta'sis etilgan ushbu orden mamlakatimizda Sohibqiron siymosiga ko'rsatilayotgan chuqur hurmat va e'tiborning ifodasi sifatida yurtdoshlarimizni buyuk ajdodimizga munosib bo'lishga undab kelmoqda.
Ulug' bobomizning boy ma'naviy-madaniy merosi, mardlik, donishmandlik va vatanparvarlik fazilatlari yosh avlodga namuna bo'lib kelmoqda. Yurtimiz yoshlarining ilm-fan, san'at, sport sohalarida erishayotgan yuksak natijalari ham buyuk ajdodlarimizdan meros yuksak aql-zakovat bugungi avlodlar tomirida yashayotgani, istiqlol yaratgan imkoniyatlardan kuch-quvvat olib, o'zini namoyon etayotganining yorqin ifodasidir.
Amir Temur ordeni markazida Sohibqironning ot ustidagi ulug'vor qiyofasi aks ettirilgan, tasvir ostida bobomiz hayotda qat'iy amal qilgan shior – "Kuch – adolatda" so'zlari bitilgan. Bu hikmatda Amir Temurning hayotiy e'tiqodi, ayni chog'da bugun mamlakatimizda yuritilayotgan siyosatning mazmun-mohiyati o'z ifodasini topgan.
Ushbu orden bilan davlatchiligimizni ravnaq toptirishdagi ulkan xizmatlari, harbiy mahoratni rivojlantirishga, davlatlararo hamkorlikni, tinchlikni, me'morlikni, ilm-fan, adabiyot va san'atni, xalqlar o'rtasidagi do'stlikni mustahkamlashga alohida hissa qo'shgan yurtdoshlarimiz, shuningdek, mamlakatimiz fuqarosi bo'lmagan shaxslar taqdirlanadi.
Korxona, muassasa va tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar va harbiy bo'linmalar, mamlakatimizning ma'muriy-hududiy birliklari ham ushbu orden bilan mukofotlanishi mumkin.
1996-yil 28-avgustda Sohibqironning 660-yillik yubileyi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga binoan Samarqand va Shahrisabz shaharlari Amir Temur ordeni bilan mukofotlandi.
Samarqand va Shahrisabz millatimizning mangu iftixori bo'lgan Amir Temurning hayoti va faoliyatida alohida o'rin tutadi. U ko'hna Keshda tavallud topib, voyaga yetgan bo'lsa, Samarqandni o'z saltanatining poytaxtiga aylantirgan. Bu ikki shaharning gullab-yashnashiga alohida e'tibor qaratgan, yetti iqlimga mashhur obidalar barpo ettirgan. Bu shaharlarda Amir Temur va temuriylar davrida qurilgan tarixiy yodgorliklar bugun ham yurtdoshlarimiz qalbida cheksiz iftixor, xorijlik sayyohlarda esa katta qiziqish va hayrat uyg'otib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qutlug' to'ylari nishonlangan bu shaharlar yanada chiroy ochdi. Me'moriy obidalar, muqaddas qadamjolar obodonlashtirilib, fayzli ziyoratgohlarga aylantirildi. Yangi, zamonaviy uy-joylar, ta'lim, madaniyat muassasalari, yo'lu ko'priklar bunyod etildi, bog'-rog'lar yaratildi. Bunday ezgu ishlar ko'lami yanada kengayib borayotir.
Mamlakatimiz mustaqilligining 23-yilligi arafasida Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga muvofiq Termiz shahri Amir Temur ordeni bilan mukofotlandi.
Amir Temur ordeni xalqimizni yangidan-yangi yutuqlarga undovchi kuch, g'urur va iftixorimiz timsoli bo'lib qolaveradi.