O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tinchlik va hamjihatlik – bebaho boylik
2018-01-29 | Jamiyat
"O‘zbekistondagi millatlararo do‘stlik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini dunyoning hech qaysi go‘shasida uchratmaysiz. Bu yerdagi turli millat va diniy konfessiyalarning o‘zaro ahilligi, odamlarning bag‘rikengligi, yagona oila farzandlaridek yurt ravnaqi yo‘lidagi intilishi, o‘z taqdirini shu tabarruk zamin bilan chambarchas bog‘lagani eng katta baxtimizdir."
O‘zbekiston Rus milliy madaniy markazi vakili Ruslan Mushurov aytgan bu samimiy fikrlar yurtimizda istiqomat etayotgan barcha fuqarolar ko‘nglidagi gaplarga uyg‘undir.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Rus milliy madaniy markazi tomonidan tashkil etilgan yoshlar forumi ishtirokchilari mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, millatlararo ahillik muhitini saqlashdek mas’uliyatli jarayonda yoshlar faolligini oshirish kabi masalalar xususida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari K.Eshonxo‘jaev, Rus milliy madaniy markazi raisi A.Aristov va boshqalar azaldan zaminimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘zaro hamjihatlikda istiqomat qilib kelayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ayni paytda turli yot g‘oyalardan yoshlarni ishonchli himoyalash, yurtimizda jadal kechayotgan jarayonlar, millatlararo va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlashga doir ezgu sa’y-harakatlarda yoshlarning ishtirokini kuchaytirish dolzarb masaladir.
Forum doirasida davra suhbati o‘tkazilib, unda talaba-yoshlar, oliy ta’lim dargohlarining o‘qituvchilari, milliy madaniy markazlarning vakillari mavzuga doir o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘ldi.
– Do‘stlarim, dugonalarim turli millat vakillari, – deydi Natalya Nikishina. – Jonajon Vatanimizda barcha millat va elatlarning an’analarini rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan e’tibor, millatlar o‘rtasidagi do‘stlikni asrab-avaylash borasida uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan siyosat taraqqiyotimizning, boshimiz uzra musaffo osmonimizning, osuda kunlarimizning asosiy omilidir.
Tadbirda bu kabi forumlarni poytaxtimiz va yurtimizning barcha hududlarida tashkil etish, ularga yoshlarni keng jalb etishning istiqboldagi rejalari belgilandi.
Milliy madaniy markazlarning badiiy jamoalari ishtirokida musiqiy dastur namoyish etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA