O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
300 dan ziyod fuqaro ishga yo‘llanma oldi
2018-01-29 | Jamiyat
Namangan viloyati bandlik bosh boshqarmasi tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumanida tuman hokimligi, prokuratura, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
To‘raqo‘rg‘on sanoat kasb-hunar kollejida tashkil etilgan tadbirda mazkur tuman va Namangan shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan 200 korxona va tashkilot 1000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Shuningdek, tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga ish so‘rab murojaat qilgan 442 fuqaro jalb etildi.
Tuman hokimi G‘.Murodxo‘jayev, viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Vohidov va boshqalar mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta’minlash va turmush farvonligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Namangan viloyati, jumladan, To‘raqo‘rg‘on tumanida ham bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Ish beruvchilar yarmarka ishtirokchilari bilan muloqotda bo‘lib, o‘z korxonalari va ulardagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
– Korxonamiz erkaklar kostyumi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi “Tekstil libos” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, yosh tadbirkor A.Muhiddinov. – Yaqinda yana bitta qo‘shimcha sexni ishga tushirdik va shu munosabat bilan qo‘shimcha ish kuchiga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Ushbu tadbirda 100 bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashmoqdamiz. Hozir bu yerda talabgorlarni ro‘yxatga oldik, shu hafta oxirigacha ularni sinovdan o‘tkazib, talabimizga javob beradigan 100 kishini ishga qabul qilamiz.
Tadbirda 304 kishiga ishga yo‘llanma va 138 nafar fuqaroga huquqiy maslahat berildi. 40 dan ziyod kishi haq to‘lanadigan jamoat ishlari bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
– “Agrotexservis” korxonasiga traktorchi bo‘lib ishlashga yo‘llanma oldim, – deydi Baxtiyor Siddiqov. – Bunday tadbirlar, ayniqsa, ish qidirib yurganlar uchun juda qulay. Endi menda ham doimiy daromad manbai bor. Demak, oilam yanada farovon bo‘ladi. Buning uchun yarmarka tashkilotchilariga rahmat.
Akramjon Sattorov, O‘zA