O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonuniga kiritilgan o'zgartirishlarga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi

2018-01-29 | Jamiyat

Joriy yilning 26 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi va “Raqobat to'g'risida”gi Qonunlariga kiritilgan o'zgartish va qo'shimchalarning mazmun va mohiyatini tushuntirishga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi. Ushbu tadbirda Vazirlar Mahkamasining 10.05.2017 yildagi 268- sonli “Fond birjasida aksiyalarni ommaviy taklifini o'tkazishni tashkil etish to'g'risida”gi qarori ijrosi yuzasidan ham taqdimot bo'lib o'tdi.

Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu anjumanda OAV, xo‘jalik boshqaruvi organlari, qimmatli qog‘ozlar bozori infratuzilmasi tashkilotlari va aksiyadorlik jamiyatlari vakillari ishtirok etishdi.

Ushbu tadbirda, manfaatlar to‘qnashuviga barham berish hamda sho‘ba va qaram xo‘jaliklarining asosiy jamiyat faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishini oldini olish maqsadida Jahon bankining “Biznesni yuritish” reytingi (Doing Business) ekspertlari tavsiyalariga asosan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalari kiritilganligi ma’lum qilinib, unga ko‘ra:

- sho‘ba va tobe xo‘jalik jamiyati o‘z mulkida o‘z asosiy jamiyatining ovoz beruvchi aksiyalariga ega bo‘lishga haqli emas. Ushbu taqiq kuchga kirguniga qadar o‘z asosiy jamiyatining ovoz beruvchi aksiyalarini olgan sho‘ba xo‘jalik jamiyati asosiy jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida ovoz berishga haqli emas;

- jamiyatning sho‘ba va tobe xo‘jalik jamiyatlarida mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlayotgan shaxslar va ushbu jamiyatlar boshqaruv organlarining a’zolari asosiy jamiyatning kuzatuv kengashiga saylanishi mumkin emas.

Shuningdek, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 16 va 17-moddalari yangi tahrirda qabul qilingan bo‘lib, ularga ko‘ra:

xo‘jalik subyektlarining birlashmalarini tashkil etishda monopoliyaga qarshi organning (Davlat raqobat qo‘mitasi) oldindan roziligi berilmaydi;

monopoliyaga qarshi organning shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyekt ustav kapitalidagi aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlarga oldindan roziligi (qonunning 17-moddasida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno) quyidagi xollarda zarur:

- bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) 50% ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa (oldin 35%, 50% va 75% bo‘lgan);

- bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushum eng kam oylik ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoxud bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari “Kvars” AJ, “Qo‘qon mexanika zavodi” AJ va “Shahrisabz vino-aroq” AJ aksiyalarining ommaviy taklifini amalga oshirilishi jarayoni yuzasidan taqdimot bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Xususan, “Kvars” AJ vakillari jamiyat aksiyalarini aholi va tadbirkorlik subyektlariga taklif etish bilan bog‘liq tadbirlar haqida so‘zlab berishdi.

Anjuman yakunida mavzular bo‘yicha fikrlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. OAV vakillari va qolgan ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni yo‘llab, ularga javob olish imkoniga ega bo‘lishdi.

Поделиться