O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

G‘alaba muborak, yosh chempionlar!

2018-01-28 | Siyosat

Joriy yilning 9-27 yanvar kunlari Xitoyda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi. 28 yanvar kuni  “O‘zbekiston” mehmonxonasida muzaffar sportchilarimizni sharaflashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan bu yerga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilarning ota-onalari, yaqinlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari yig‘ildi. 

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib tarbiyalashga qaratilayotgan doimiy e’tibor bugun yanada yuksak bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezidentimizning 2017 yil 3 iyundagi “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 9 martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarori sportchilarimizning xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarga har tomonlama puxta tayyorlanishi va munosib ishtirok etishi, terma jamoalarni yangi iste’dodlar bilan boyitishda muhim omil bo‘layotir. 

Yosh futbolchilarimizning Osiyo chempionatida erishgan yuksak g‘alabasi ham ana shunday ulkan islohotlarning, e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy natijasidir. 

Osiyo chempionatida qit’amizning o‘n olti davlat terma jamoasi g‘oliblik uchun bahslashdi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari xalqaro sport jamoatchiligida o‘z so‘zini ayta oldi, jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgan ne-ne ulug‘ zotlarning munosib vorislari, O‘zbekistondek buyuk yurtning munosib farzandlari ekanini isbotladi. 

Aslida, butun dunyoda katta qiziqish bilan tomosha qilinadigan millionlar o‘yini hisoblangan futbol bo‘yicha har qanday nufuzli musobaqada yuqori natijaga erishish oson emas. O‘zbek futboli tarixida ham bunday yuqori natijalar har yili ham qayd etilavermaydi. 

O‘zbekiston futbolchilari 1994 yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida va 2011 yil Eronda o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. 

Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida o‘tgan keskin va murosasiz bahslarda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari shijoatu matonatda, iste’dodu mahoratda raqiblaridan har tomonlama ustun ekanini isbotlab, haqli g‘alabaga erishdi. 

Futbolchilarimiz “A” guruhidagi birinchi uchrashuvda qatarlik tengdoshlariga imkoniyatni boy bergan bo‘lsada, Xitoy va Ummon yoshlar terma jamoalarini mag‘lubiyatga uchratdi. Chorak finalda Yaponiya yoshlarini 4:0, yarim finalda Janubiy Koreya vakillarini 4:1 hisobida yengdi. 

Musobaqaning final bahsida futbolchilarimiz Vetnam yoshlar terma jamoasi ustidan 2:1 hisobida zafar quchib, Osiyo chempioni bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Odiljon Hamrobekov OFK tomonidan musobaqaning eng foydali futbolchisi, deb topildi. Unga Toyota kompaniyasi tomonidan 20000 AQSH dollari miqodorida mukofot puli berildi. 

Yosh futbolchilarimizning tarixiy g‘alabasi xalqimizga ulkan quvonch va shodlik baxsh etganini, ularning qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdirib yuborganini his etish qiyin emas. Butun xalqimiz bu g‘alabani katta hayajon va xursandchilik bilan qarshi oldi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Osiyo chempionatida ulkan g‘alabaga erishgan yosh futbolchilarimizga o‘zining samimiy tabrigini yo‘llab, ularning qo‘lga kiritgan natijasiga quyidagicha ta’rif berdi: 

“Sizlar qo‘lga kiritgan mislsiz bu g‘alaba butun xalqimizga cheksiz quvonch bag‘ishlab, O‘zbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu ulkan zafar, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi millionlab yoshlarni mardlik va matonat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga ulkan hissa qo‘shadi. 

El-yurtimiz sizlar kabi mard va jasur, fidoyi o‘g‘lonlari bilan, yurtimizning haqiqiy qahramonlari bilan faxrlanadi”. 

– Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini katta hayajon bilan kuzatib bordik, – deydi Akmal Madvaliyev. – Ochig‘i, ushbu nufuzli musobaqada yuksak muvaffaqiyatga erishgan futbolchilarimizga juda havasim keldi. Ularning olamshumul g‘alabasi biz, yoshlarning o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlab, yangi-yangi marralar sari dadil qadam tashlashimizda ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda. 

...Mana, orziqib kutilgan damlar – futbolchilarimiz “O‘zbekiston” mehmonxonasiga yetib kelmoqda. Karnay-surnay sadolari yoshlarning “O‘zbekiston!” degan takror va takror hayqirig‘iga ulanib ketadi. Ularni hayajon bilan ota-onalari, yaqinlari, tengdoshlari qizg‘in tabriklamoqda. Qalblarimizdan cheksiz g‘urur va iftixorga yo‘g‘rilgan samimiy dil izhorlarimiz, ezgu tilaklarimiz beixtiyor tilimizga, ko‘zimizga ko‘chadi: “G‘alaba muborak, Vatanimizning yosh chempionlari! Sizlar butun dunyoga O‘zbekiston yoshlarining yuksak salohiyatini namoyon qildinglar!”.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bizni g‘alabamiz bilan tabriklaganidan quvonib, qalbimiz faxrga to‘ldi, – deydi yosh futbolchi Rustamjon Ashurmatov. – Prezidentimizning yuksak e’tiborini, samimiy dil so‘zlarini o‘qib, qo‘zimizga yosh keldi. Kelgusida bundanda ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritishga bor kuch-g‘ayratimiz bilan harakat qilamiz. 

– G‘alabamiz sharafiga davlatimiz madhiyasi yangrab, Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilganda shunday yurtda tug‘ilib, voyaga yetayotganimdan g‘ururlanib ketdim, – deydi Zabihillo O‘rinboyev. – Xalqaro maydonlardagi g‘alabalarimiz mamlakatimizda yoshlarning futbol bilan shug‘ullanishi, iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir. 

– Osiyo chempionatining final uchrashuvida hal qiluvchi golni urganimdan, xalqimiz va terma jamoamizning g‘alabasiga hissa qo‘shganimdan baxtiyorman, – deydi Andrey Sidorov. – Bu chempionatda biz muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘zbek futbolchilari hech kimdan kam emas va kam bo‘lmasligini yana bir karra isbotladik. 

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi. 

Shu kunning o‘zida chempionlarimizga Prezidentimiz sovg‘asi - avtomobillari topshirildi.

 

Bayram Aytmurodov, Javohir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat),O‘zA

Поделиться