O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jizzaxda jangovar shaylikni oshirish maqsadida maxsus taktik o’quv o’tkazildi

2018-01-26 | Jamiyat

Jizzax shahri hududida Markaziy harbiy okrug qo’shinlari qo’mondonligining rejasiga muvofiq shaxsiy tarkibni jangovar shayligini oshirish bo’yicha o’tkazilgan maxsus taktik o’quvda harbiylar, Milliy gvardiya,  prokuratura,  Milliy xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, bojxona, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari va boshqa huquqni muhofaza qilish tuzilmalari ishtirok etishdi.

Ushbu tuzilmalarga Jizzax shahri hududida ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqargan 120 nafar fuqarodan iborat olomonni aholiga zarar yetkazmasdan qurshab olish, ular bilan muzokara olib borib, muammolarini tinch yo’l bilan hal etish vazifasi topshirilgandi. Viloyat IIB Yong’in xavfsizligi boshqarmasiga qarashli stadionda aholi tomonidan ommaviy tartibsizlik vaziyati yuzaga keltirildi.

Ommaviy tartibsizliklarni yuzaga keltirganlar orasida noqonuniy tarzda chegarani buzib o’tgan ekstremistik guruhlar a’zolari borligi, ular olomonni Jizzax shahar hokimligiga qarshi qayrab kelganligi ma’lum bo’ldi. Shahar hokimligi va diniy idora vakillarining olomon rahbarlari bilan olib borgan muzokarasi ijobiy yakun topmadi. Tartibbuzarlar ularning so’zlariga quloq solmay, yo’llarida duch kelgan do’kon va boshqa shoxobchalarga o’t qo’ya boshlashdi. Ichki ishlar va boshqa maxsus guruhlar xodimlari tomonidan tartibbuzarlar qurshab olindi. Lekin ular hech kimga bo’ysunmay hujumga o’tishdi. Barcha kuch va vositalar ushbu hujumni bartaraf etishga qaratildi.  Tartibbuzarlar  va  jinoyatchilar qo’lga olindi. Jinoyatchilardan biri «kamikadze” bo’lib, beliga portlovchi moddalar boylab qo’yilganligi ma’lum bo’ldi. U voqea joyida halok bo’lgan. Ammo undagi portlovchi modda atrofdagilarga hamon xavf solib turibdi. Zudlikda sapyorlar tomonidan portlovchi modda zararsizlantirilib, yo’q qilindi. Tartibbuzarlar o’t qo’ygan joylardagi yong’inlar yong’in xavfsizligi xodimlari tomonidan o’chirildi.

Tadbir davomida jarohat olganlarga tibbiy yordam ko’rsatildi. Tartibbuzarliklar bartaraf etildi. Aholiga zarar yetkazilmadi.

—Mazkur tadbir rejasiga binoan bir guruh qurollangan  jinoyatchilar 120 nafar fuqarolarni shahar hokimligiga qarshi qo’yib, ularni ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarishga undaydi, — deydi viloyat IIB bo’lim boshlig’i, podpolkovnik Doston Jonodilov.—Fuqarolarning bu noqonuniy harakatlarini to’xtatish va aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida taktik o’quv paytida ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qilish organlarining  maxsus guruhlari, harbiylar  birgalikda  harakatlarni amalga oshirishdi.  O’quv muvaffaqiyatli yakunlandi, barcha belgilangan vazifalar to’liq bajarildi. Tadbir yakunida ishtirokchilarning harakatlariga baho berildi, fikr-mulohazalar bildirildi.

Belgilangan ikkinchi tadbirda qurollangan ikki nafar o’ta xavfli jinoyatchini qo’lga olish rejasi ishlab chiqildi.

— Shartli nomi «Jizzax shahri xavfsizligini ta’minlash” deb atalgan tadbirda chegarani buzib o’tgan ikki jinoyatchi «Matiz” rusumli avtomobilda Yo’l harakati xavfsizligi xodimining to’xtash ko’rsatmasiga rioya qilmay, qochib ketganligi to’g’risida viloyat IIB navbatchilik bo’limiga xabar qilinadi,—deydi viloyat IIB terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig’i, polkovnik Xo’jamurod Axmuratov biz bilan suhbatda. —Ushbu jinoyatchilarning qurollanganligi to’g’risida ma’lumotlar bor. Bu jinoyatchilarni qo’lga olish bo’yicha taktik o’quv mashqi o’tkazilib, maxsus guruhlarning harakatlariga baho beriladi.

Soat 15.00 da tadbirga start berildi. Qurollangan ikki jinoyatchi «Matiz” rusumli avtomobilda Kimyogar mahallasidagi yetti qavatli eski binoga shitob bilan kirib ketdi. O’q ovozlari yangradi. Ularni quvib kelgan Yo’l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlarining ”Neksiya” rusumli avtomobili  darvoza oldida to’xtadi. Bu orada yetib kelgan maxsus guruhlar bino atrofini o’rab olishdi. Jinoyatchilarning bino ichkarisida ikki-uch bor avtomatdan o’q uzishganligi eshitildi.

Voqea joyiga yetib kelgan maxsus guruhlarning jinoyatchilarni qo’lga olish harakatidan oldin shahar hokimligi va diniy idora vakillari ularni muzokaraga chaqirishdi.

«Hurmatli fuqarolar! Noqonuniy harakatlaringizni to’xtating, axir Sizlarning ham ota-onangiz, farzandlaringiz bor, barcha masalalaringiz ijobiy hal etiladi” deya ularga murojaat etishdi. Afsuski, jinoyatchilar ularning gapiga quloq tutmay, qamoqda yotgan birodarlarini qo’yib yuborishni talab qila boshlashdi. Ular o’zlarining noqonuniy harakatlarini to’xtatmadilar. Bu paytda zirhlangan jangovar texnika va maxsus guruhlar binoni qurshab olib, shturm qilishga tayyor turar edi. Jinoyatchilarni qo’lga olishga buyruq berildi. Hujumga o’tildi. Bir zumda ikki nafar jinoyatchi qo’lga olinib, maxsus mashinalarda olib ketildi. Bu paytda binoning beshinchi qavatida yong’in yuzaga keldi. O’t o’chiruvchilar tezda yetib kelib yong’inni o’chirishga muvaffaq bo’ldilar. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari esa binoning to’rtinchi qavatida jabrlangan fuqaroni maxsus arqonlar yordamida pastga tushirishdi. Unga tez tibbiy yordam ko’rsatildi.

Maxsus taktik o’quvning ikkinchi kuni Jizzax shahrida ichki ishlar nazorat postlari faoliyatini kuchaytirish bo’yicha tadbirlar o’tkazildi. Mashg’ulotlarda harbiylar, Milliy gvardiya, prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, yong’in xavfsizligi, bojxona, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari va tibbiyot xodimlarining hamkorlikdagi harakatlari yaxshi samara berdi. O’quv so’ngida mashqlar muvaffaqiyatli yakunlanganligi qayd etildi va tadbir davomida olib borilgan harakatlar yuzasidan fikr almashindi, takliflar o’rtaga tashlandi.

 

Viloyat ichki ishlar matbuot guruhi 

Поделиться