O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston ayollaridan ayni paytda o‘z hayotinidan nechog‘li qoniqishi so‘raldi. So‘rov natijasi qanday bo‘ldi?

2018-01-26 | Jamiyat

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan «O‘zbekiston ayollari – 2017: ijtimoiy mavqe va kayfiyat» mavzusida o‘tkazilgan so‘rovda Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan ayollarning ijtimoiy mavqeini yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarning nechog‘li samara berayotgani aniqlandi. Shuningdek, ayollarning ijtimoiy ehtiyojlari va maqsadlari o‘rganildi.

Shahar va qishloq joylarda yashaydigan turli millat, ijtimoiy guruhga mansub, ishlab chiqarishning turfa soha va jabhalarida faoliyat yuritayotgan 18 va undan katta yoshdagi ayollar qatnashgan so‘rov natijalari ayollarning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotning barcha jabhalarida faoliyat yuritayotgani, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari ishida faol ishtirok etayotganini ko‘rsatdi. 

Davlatimiz rahbari tomonidan rivojlanishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida yuritilayotgan va Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot istiqbollari tufayli O‘zbekiston ayollari huquq va erkinliklarini ta’minlash uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilmoqda, ularning davlat ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etishi, ijtimoiy va iqtisodiy faollashuvi, intellektual va ma’naviy yetuk bo‘lishi, kasbiy va oilaviy majburiyatlarini uyg‘unlashtira olishi uchun imkoniyatlar paydo bo‘ldi. 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘nggi yillarda ayollarning o‘zlarining huquqiy himoyalanganiga ishonchi ortgan. Respondentlarning 81,1 foizi huquqlari buzilsa davlat, ijtimoiy va fuqarolik institutlaridan ko‘mak olishi mumkinligini bildirgan. Davlatimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslangan mustahkam huquqiy bazasi ayollarning huquq va erkinliklari samarali ta’minlanishini kafolatlaydi. 

Ishtirokchilar bu jarayonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan fuqarolar bilan faol va ochiq muloqot olib borish tizimi – Xalq qabulxonalari katta ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. 

So‘rov natijalari ayollarning munosib va zamonaviy ta’lim olishga barqaror ijobiy munosabatini ko‘rsatdi. Aksariyat ishtirokchilar (74,3 foiz) fikricha, zamonaviy ayol uchun oliy ma’lumot muhim ahamiyatga ega. 

Bu ko‘p jihatdan ayollar uchun mehnat muhim hayotiy qadriyat ekani, ular mehnatni jamiyatda o‘z mavqeini belgilash va ijodiy salohiyatini amalga oshirish imkoniyati sifatida qabul qilishi bilan ifodalanadi. Ishtirokchilarning aksariyati ayollar uydan tashqarida haq to‘lanadigan ishga ega bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi. Bu ayolga oilaning moddiy farovonligiga hissa qo‘shish bilan birga, iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lish imkonini taqdim etadi. 

Tadqiqotlar ayollarning u yoki bu mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishining asosiy sababini aniqladi. Respondentlarning 41,7 foizi ma’lumoti va malakasiga mos kasbda faoliyat yuritadi, 30 foizini kasbiga xos ijodiy xususiyat jalb etgan, ular o‘zlarini qiziqtirgan faoliyat bilan mashg‘ul, har o‘ninchi ayol esa ishda va oilada o‘z majburiyatini uyg‘unlashtirish uchun erkin jadval asosidagi ish o‘rinlarini tanlagan. 

So‘rovda qatnashgan ayollarning ko‘pchiligi o‘zini faoliyat turini o‘zgartirishga, yangi kasbni egallashga qodir, deb hisoblaydi. So‘rov natijalari monitoringidan ayollarning mehnat munosabatlari faollashgani, 2015-yilda 69,5 foiz bo‘lgan ko‘rsatkich 2017-yilda 77,9 foizgacha oshgani ma’lum bo‘ldi. O‘ziga bo‘lgan ishonch tufayli mehnat munosabatlari faollashgan respondentlarning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. 

O‘tkazilgan so‘rov natijasida O‘zbekiston ayollarining faol ishbilarmonlik faoliyatiga jiddiy qiziqishi ma’lum bo‘ldi: ishtirokchilarning 20,2 foizi tadbirkor sifatida faoliyat yuritadi, 24,2 foizi esa o‘z ishini boshlash istagida. Bundan tashqari, 84,2 foiz respondent ayollar ijtimoiy-siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishi kerakligini ma’qullaydi. 

So‘rov ayollarning aksariyati hayotda muayyan maqsadlarga erishishga intilishini ko‘rsatdi. Ishtirokchilarning hayotdagi asosiy maqsadi oila qurish, uning farovonligini mustahkamlash, farzand tarbiyasi, ularni mustaqil hayotga tayyorlashdan iboratdir. Bunda ayollarning asosiy qismi o‘z maqsadiga erishishiga, orzu-istaklari ro‘yobga chiqishiga 
qat’iy ishonadi. 

«Ayni paytda hayotingizdan nechog‘li qoniqasiz?» degan savolga berilgan javob jamiyatda yuzaga kelgan zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning barqarorligi, unga nisbatan ayollarning umumiy hissiy-baholovchi munosabatini bildiradi. 

So‘rov natijalaridan 88,1 foiz ayollar o‘z hayotidan mamnun ekani, 76,1 foizi esa o‘zlarini baxtli hisoblashi ma’lum bo‘ldi. 

Umuman, o‘tkazilgan so‘rov davlat va jamiyatning barcha sohalarida yuz berayotgan o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan bir qatorda O‘zbekiston ayollarining tafakkuri va dunyoqarashi ham o‘zgarayotgani, ijtimoiy faolligi va fuqarolik ongi oshayotgani, fuqarolik pozitsiyasi va kelajakka ishonchi mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatdi. 
 

"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini
o‘rganish markazi materiallari asosida tayyorlandi.
 
Lilya Pak, O‘zA

Поделиться