O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryolik kitobxonlar uchun ajoyib tuhfa
2018-01-25 | Jamiyat
Odatda biror mahobatli bino oldidan o‘tib qolsak, uni qandaydir nufuzli idora yoki biznes majmuasi deb o‘ylashga ko‘nikib qolganmiz. So‘zimizning mubolag‘asi yo‘q, Termizda buning aksiga duch keldik.
Chorrahadagi ko‘rkam imorat. Hozir qish bo‘lsa-da, atrofiga gullar, rayhonlar ekilgan, yo‘laklar, zinalar orastalangan. Uch qavatli binoni kelbatidan, salobatidan san’at saroyi deb o‘ylaysiz. Lekin uni aylanib o‘tib, peshlavhadagi yozuvga ko‘zingiz tushgach, asl haqiqat oshkor bo‘ladi: Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyati axborot-kutubxona markazi.
– Bir yil avval buning o‘rnida nima bor edi? – so‘raymiz ishchilardan.
– Qurilish bo‘layotgan edi, uka, – deydi markaz direktori o‘rinbosari Mehriniso Mamatqulova. – Sal oldinroq daraxtzor, e’tibordan chetdagi joy edi. O‘sha paytda bu yerda mahobatli imorat quriladi, unda kitob uchun, kitobxon uchun mo‘jizadek sharoitlar yaratiladi, desa birov ishonmasdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili viloyatimizga kelganida bu yerga ham tashrif buyurdi. Markazimiz uchun qurilayotgan bino loyihasini ko‘zdan kechirib, uning ko‘rinishini ham, mazmunini ham tubdan o‘zgartirish, bu yerda “Kitob olami” majmuasi va zamonaviy “bookcafe” tashkil etish, yoshlar kechki paytlari ham kelib, kitob o‘qishi, suhbatlashishi uchun sharoit yaratish kerakligini ta’kidlagan edi.
Darhaqiqat, yoshlar kechki paytlari bo‘sh vaqtida qayerga boradi? Kafega yoki biror ko‘ngilochar maskanga. Yoki do‘stlari bilan suhbatlashishga. Ular kutubxonaga borishi, kitob o‘qishi, ma’naviyatini oshirishi uchun nima qilish kerak? Bunga javobni yangi axborot-kutubxona majmuasidan topasiz.
Bu yerga kelgan yoshlar endi diskotekaga hojat yo‘q, kitob bilan ham vaqtni chog‘ o‘tkazsa bo‘larkan, deyishi aniq. Binoga kirishingiz bilan o‘ng tomonda “Kitob olami” do‘koni rastalari, chapda shinam “bookcafe”. Ular tungi paytgacha ishlarkan. Uch-to‘rt yosh suhbat qurayapti, kimdir kitob o‘qiyapti. Shiftgacha keng, bahavo xoll qilingan.
– Wi-Fi hudud, – deydi ikkinchi qavatga gir aylantirib qo‘yilgan stol-stullardan birida o‘tirib, shoshilmay internet “varaqlayotgan” Shohjahon. – Shu yer ochilganini eshitib keldim, internet tezligi ham yomonmas.
To‘g‘risini aytaman, ko‘pdan buyon qidirib yurgan kitoblarimni shu yerdan topdim.
Xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning kitobga mehrini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar samara bera boshladi. Davralarda, gurunglarda kitobdan ham so‘z ochilyapti, seriallardan zerikkan odamlar mutolaa kundalik ehtiyoj ekanini tushunyapti. Buni kuchaytirish, jamiyatning intellektual, ma’naviy ehtiyoji bo‘lgan kitob o‘qish eng muhim masala ekanini odamlar ongu shuuriga singdirish, yoshlarni ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishga, olamshumul kashfiyotlarga chorlashda mana shunday axborot-kutubxona markazlari albatta kerak, deb o‘ylaysan beixtiyor.
Kutubxonachilikning so‘nggi yutuqlari asosida bunyod etilgan markaz aholiga virtual va elektron kutubxona xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha mamlakatimizdagi ilg‘or muassasalardan biriga aylanibdi. Unda axborot-kommunikatsiya imkoniyatlari va mutolaa ruhi uyg‘unlashib ketgan. Mutolaa zallari, muhokama va komputer xonalari, media-studiyalar, ma’lumot almashish imkonini beruvchi video tarmoq kitobxonga istagan qulayligini yaratadi.
– Foydalanuvchilar kutubxonamizga kirib kelishi bilan onlayn ro‘yxatdan o‘tkaziladi, – deydi axborot texnologiyalari bo‘limi yetakchi kutubxonachisi Muharram Rahmonova. – Kitobxon 73 mamlakatdagi axborot-kutubxona markazlari bilan bog‘lanishi, istagan kitobiga buyurtma berishi mumkin. Markazimiz ko‘chma kutubxona, ya’ni kitob va telekommunikatsiya texnologiyalari va internet bilan jihozlangan “bibliobus” orqali chekka tog‘li qishloqlar, mahallalarga ham “kirib boradi”. Bu orqali olis hududlarda ham kitobxonlikni ommalashtirishga erishish ko‘zlangan.
Kitob – boqiy mo‘jiza. Ana shu mo‘jiza mutolaasi tufayli inson bu dunyoga kelishiyu ketishidan murod neligini anglaydi. Donolar ta’kidlaganidek, mamlakatning kuch-qudrati uning aholisi soni bilan emas, balki kitobxoni, xalqining ma’naviyati darajasi bilan o‘lchanadi.