O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2018-01-25 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga muvofiq uzluksiz ta’lim tizimini takomillashtirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim xizmatlarining ochiqligi va sifati masalalariga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. 

O‘tgan yillarda kasb-hunar ta’limini rivojlantirish, ta’lim jarayonini modernizatsiyalash va mazmunini yangilashni ta’minlash maqsadida uning huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi, iqtidorli yoshlarning xalqaro va respublika olimpiadalari hamda tanlovlarda salmoqli natijalarga erishishlarida ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator tizimli chora-tadbirlar ko‘rildi. 

Shu bilan birga, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi rivojlanishini tahlil qilish natijalari tizimning bugungi kun talablariga javob bermasligini va tub islohotlarga muhtojligini ko‘rsatdi: 

birinchidan, kasb-hunar kollejlari aholi yashash joylariga yaqin bo‘lmagan masofada joylashtirilganligi, ayniqsa, hududlarda transport infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmaganligi hamda ob-havo sharoitlari tufayli o‘quvchilarning vaqti-vaqti bilan ommaviy ravishda dars mashg‘ulotlarini qoldirishlariga sabab bo‘lmoqda; 

ikkinchidan, kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini shakllantirishning mavjud amaliyoti kasb-hunar kollejlari ta’lim yo‘nalishlariga javob bermaydigan o‘quv ustaxonalari tashkil etilishiga, butlovchi va ehtiyot qismlar bilan yetarli darajada ta’minlanmasligiga olib keldi. Kasb-hunar kollejlari moddiy-texnik jihozlanishining o‘rtacha darajasi bugungi kunda atigi 56 foizni tashkil etadi, 31 ta kasb-hunar kollejida o‘quv ustaxonalari umuman mavjud emas; 

uchinchidan, yetarli darajada moliyalashtirilmaganligi natijasida kasb-hunar ta’limi tizimi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilmadi, darsliklarning 50 foizi rus va qoraqalpoq tillariga tarjima qilinmagan, amaldagi darsliklar biror marta yangilanmagan; 

to‘rtinchidan, kasb-hunar kollejlarida kadrlar tayyorlash tizimi hududlardagi iqtisodiy tarmoqlarning real ehtiyojlaridan ortda qolganligi, shuningdek, kasb-hunar kollejlari uchun belgilangan qabul kvotalarida mehnat bozori kon’yunkturasi va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish imkoniyatlari hisobga olinmasligi bitiruvchilarni ishga joylashtirishda qiyinchilik tug‘dirmoqda; 

beshinchidan, kasb-hunar kollejlaridagi mavjud o‘quv jarayonini tashkil etishning hozirgi holati, qo‘llanilayotgan o‘quv-normativ hujjatlar hamda o‘qitish muddatlari kasblarning murakkablik darajasiga javob bermaydi, ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishdagi kamchiliklar olinayotgan bilim darajasi tushib ketishiga va tegishli ravishda qator ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bitiruvchilarga bo‘lgan ehtiyojning pasayishiga olib keladi va natijada o‘qishni tamomlagandan keyin ish joylarida ularni qo‘shimcha o‘qitish zaruratini keltirib chiqarmoqda; 

oltinchidan, aholi turli toifalarini “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi bo‘yicha kasbga tayyorlash tizimining yetarli rivojlanmaganligi aksariyat katta yoshli aholi, shuningdek, ishsiz yoshlar va nogiron shaxslarning mehnat bozorida keraksiz bo‘lib qolishiga olib kelmoqda; 

yettinchidan, kasb-hunar kollejlarida o‘quv jarayonini tashkil etishga va o‘quvchilarni intellektual, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyalashga yuzaki yondashish, ularning bo‘sh vaqtlarini band etishning samarasiz mexanizmi o‘quvchilar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoiy qilmishlar soni ortishiga, ularning o‘qishga qiziqishi hamda davomatning tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda. 

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimiga o‘tilishi jamoatchilik, ota-onalar va 9-sinflar bitiruvchilari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. 

Ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish maqsadida: 

1. Belgilab qo‘yilsinki: 

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab majburiy umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim umumta’lim maktablarida, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablarda, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktab-internatlarida, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida hamda akademik litseylarda uzluksiz va 11 yillik muddatda amalga oshiriladi; 

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlariga o‘qishga qabul qilish umumta’lim maktablarining 11-sinflari bitiruvchilari hisobidan, ixtiyoriylik asosida, tegishli mutaxassislikka (kasbga) ega bo‘lish uchun 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan o‘qitish muddatlarida amalga oshiriladi; 

kasb-hunar kollejlariga 2017/2018 o‘quv yiliga qadar (ushbu o‘quv yili qo‘shilgan holda) o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar o‘qishni o‘zlari ta’lim olayotgan kasb-hunar kollejlarida amaldagi o‘quv dasturlari asosida belgilangan tartibda tugatadilar. 

2. Quyidagilar kasb-hunar ta’limi sohasida kadrlar tayyorlash tizimining muhim vazifalari deb hisoblansin: 

iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy texnika va texnologik tendensiyalarni hisobga olib ehtiyoj yuqori bo‘lgan va turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilgan holda ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan va kamida ikkita xorijiy tilni biladigan malakali kadrlarni tayyorlash; 

kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni, ish beruvchi korxonalarning takliflarini hisobga olgan holda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari uchun zarur mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha kasb-hunar kollejlari faoliyatini muvofiqlashtirish; 

yoshlarni har tomonlama barkamol qilib, vatanparvarlik va milliy mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik ruhida tarbiyalashga, shuningdek, o‘quvchilarda boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosimizga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy va axloqiy sifatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayonni yangi pedagogik shakllar va usullar asosida tashkil etish; 

yetakchi mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy innovatsion o‘quv loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun kasb-hunar ta’limi sohasiga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish; 

kasb-hunar ta’limi milliy standartlari talablarini xalqaro ta’lim standartlari tasniflagichiga, xalqaro malaka talablariga muvofiqlashtirish, milliy malaka talablarini bosqichma-bosqich xalqaro analoglarga moslashtirish va e’tirof etilishiga qaratilgan ishlarni tashkil etish; 

kasbga o‘rgatish bilan bir qatorda tarkibiy jihatdan umumiy ta’lim olishni birgalikda olib boradigan, shuningdek, nodavlat ta’lim sektorini uzluksiz davlat ta’lim tizimi bilan samarali integratsiyalash, tabaqalashtirilgan ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha orttirilgan amaliy tajribani tizimlashtirish va kelgusida amaliyotga joriy etish; 

mamlakat iqtisodiyotini yanada isloh qilish, uni barqaror o‘stirish hamda modernizatsiyalash jarayonlarida samarali ishtirok etishga qodir bo‘lgan kadrlarni tayyorlash maqsadida o‘quv jarayoniga innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni faol qo‘llab kasb-hunar ta’limi va ishlab chiqarishning o‘zaro yaqin hamkorligini ta’minlash; 

yuqori samarali o‘quv-laboratoriya uskunalari, komputer texnikasi va innovatsion texnologiyalarga asoslangan parklar bilan jihozlangan kasb-hunar kollejlarining zamonaviy moddiy-texnika bazasini shakllantirish va yanada mustahkamlash, undan samarali foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirish. 

3. Quyidagilar: 

kasb-hunar ta’limi tizimini yanada takomillashtirishni muvofiqlashtirish Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq; 

kasb-hunar kollejlari faoliyatining tizimli monitoringini olib borish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlarining namunaviy tarkibi (keyingi o‘rinlarda – hududiy ishchi guruh) 2-ilovaga muvofiq tashkil etilsin. 

4. Respublika komissiyasi (K.Akmalov), hududiy ishchi guruhlar quyidagilarni ta’minlasin: 

a) uch oy muddatda mavjud ta’lim dasturlariga kiradigan mutaxassisliklar bo‘yicha mehnat bozoridagi real ehtiyojni aniqlash, ularning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining maqsadli ko‘rsatkichlariga muvofiqligi, keyinchalik bitiruvchilarni biriktirish maqsadida tarmoqlarda potensial ish beruvchilarni aniqlash yuzasidan kasb-hunar kollejlari faoliyatini har tomonlama tanqidiy o‘rganib chiqish; 

b) 2018 yil 1 iyulgacha tegishli Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va uni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish, unda quyidagilarni nazarda tutish: 

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining maqsadli parametrlariga va mehnat bozori prognoziga muvofiq, kadrlarga bo‘lgan mavjud real ehtiyojni inobatga olib kasb-hunar kollejlarini tarmoq bo‘ysunuvi asosida tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalar tasarrufiga o‘tkazish; 

tadbirkorlik sohasi, shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun mehnat bozorida talab qilinayotgan kasblar bo‘yicha kadrlarni maqsadli tayyorlaydigan ko‘p tarmoqli kasb-hunar kollejlarini tashkil etish; 

tarmoq vazirliklari, idoralari, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalar – kadrlar buyurtmachilari tomonidan alohida mutaxassisliklar (kasblar)ga ehtiyoj va talab past bo‘lgan kasb-hunar kollejlari umumiy sonini optimallashtirgan holda ularni qisman qayta tashkil etish; 

optimallashtirilishi kerak bo‘lgan kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasidan, ularda umumta’lim maktablari, o‘quv-ishlab chiqarish majmualari va maktabgacha ta’lim muassasalari joylashtirilishini nazarda tutib, bino va inshootlaridan maqsadli va samarali foydalanish. 

Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlar bajarilgandan so‘ng Respublika va hududiy ishchi guruhlar o‘z faoliyatini tugatadi. 

5. Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda har yil yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritiladigan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda kasb-hunar kollejlarida yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklar ochilishi bo‘yicha takliflar kiritsin. 

6. Quyidagilar belgilab qo‘yilsin: 

kasb-hunar kollejlari aksariyat hollarda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari hamda yirik korxonalar – tarmoq bo‘ysunuvi bo‘yicha kadrlarga buyurtmachilar tarkibida faoliyat yuritadi; 

kasb-hunar kollejlarining beriladigan binolari, inshootlari, jihozlari, mebel va inventari qiymati qo‘shimcha qiymat solig‘i va daromad solig‘ini hisoblab chiqishda soliq solish obyekti hisoblanmaydi; 

2017/2018 o‘quv yiligacha (ushbu o‘quv yili ham shu jumlaga kiradi) kasb-hunar kollejlariga qabul qilingan o‘quvchilar o‘qishni to‘liq tugatguniga qadar ushbu kasb-hunar kollejlarining xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi; 

vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning tasarrufidagi kasb-hunar kollejlarini saqlash, kadrlarni o‘qitish, malakasini oshirish va qayta tayyorlashga maqsadli tarzda yo‘naltirilgan mablag‘lari barcha turdagi soliqlardan va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod etiladi. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda: 

bir hafta muddatda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori loyihasini; 

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                              SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 25-yanvar

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga

SHARH

Uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga, sifatli ta’lim xizmatlaridan foydalanishni oshirishga, mehnat bozorining zamonaviy talablariga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlashga davlat tomonidan alohida e’tibor berilmoqda. 

O‘tgan yillarda ta’lim tizimini isloh qilish jarayonida respublikada mustahkam huquqiy, tashkiliy, moddiy-texnik baza yaratildi, bu intellektual salohiyati yuqori va barkamol yosh avlodni o‘qitish va tarbiyalashning mazmunini yangilashga ko‘maklashdi. 

Shu bilan birga, islohotlar amalga oshirilgan yillarda umumiy o‘rta, shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish, 12 yillik majburiy ta’limga o‘tish natijalarini har tomonlama tahlil qilish hozirgi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi bugungi kun talablariga javob bermasligini va tubdan isloh qilishga muhtoj ekanligini ko‘rsatdi. 

Jumladan, kasb-hunar kollejlarini hududlarda joylashtirishga tizimli yondashish mavjud emasligi, mintaqalarda yo‘l-transport infratuzilmasining yetarlicha rivojlanmaganligi o‘quvchilarning vaqti-vaqti bilan mashg‘ulotlarga ommaviy qatnashmasligiga sabab bo‘ldi; 

kasb-hunar kollejlari va ularning o‘quv ustaxonalari o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan ta’minlanganligi ilm-fan, ishlab chiqarish texnologiyalari va texnikaning rivojlanishi sur’atlaridan orqada qoldi, kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnik jihozlanishi darajasi o‘rtacha 56 foizni tashkil etdi; 

darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash va nashr etish bo‘yicha ishlar samarasiz va o‘z vaqtida moliyalashtirilmasligi kasb-hunar ta’limi tizimini yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlashda jiddiy ravishda orqada qolishga olib keldi; 

kasb-hunar kollejlaridagi mintaqalarda iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojlarini ta’minlamaydigan kadrlar tayyorlashning mavjud tizimi, mehnat bozori kon’yunkturasi va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish uchun imkoniyatlar mavjudligi hisobga olinmasdan belgilanadigan kasb-hunar kollejlariga qabul qilish kvotalari bitiruvchilarni ishga joylashtirish ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi; 

kasb-hunar kollejlaridagi amalga oshiriladigan o‘quv jarayoni, qo‘llaniladigan o‘quv-normativ hujjatlarning kamchiliklari, kasblarning murakkabligi darajasi hisobga olinmasdan ta’limning yagona muddatlari belgilanishi, ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishdagi kamchiliklar olinadigan bilimlar darajasi pasayishiga va bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha bitiruvchilarga talab pastligiga, o‘qish tugallangandan keyin ish joylarida ularni qo‘shimcha ravishda o‘qitish zarurligiga olib keldi; 

aholi turli toifalarini “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi bo‘yicha kasbga tayyorlash tizimining zaif rivojlanganligi katta yoshdagi aholining salmoqli qismi, shu jumladan, ishga joylashishga muhtoj bo‘lgan yoshlar va nogiron shaxslar mehnat bozorida talab etilmasligiga olib keldi; 

kasb-hunar kollejlarida o‘quv jarayonini tashkil etishga va o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashga rasmiyatchilik bilan munosabatda bo‘lish, ularning bo‘sh vaqtini tashkil etishning samarasiz mexanizmi mashg‘ulotlarga qatnashish pasayishiga va buning oqibatida ular tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklar soni ko‘payishiga olib keldi. 

Ushbu sohadagi mavjud muammolarni tizimli hal etish, ilg‘or xorijiy mamlakatlarning tajribasi asosida kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish, mavjud kasb-hunar kollejlarining moddiy bazasidan oqilona va maqsadli foydalanishni ta’minlash, shuningdek, tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarga idoraviy bo‘ysunuvchi kasb-hunar kollejlarida malakali va mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash samaradorligini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, aholi barcha qatlamlarining ehtiyojlarini hisobga olish va bandligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. 

Ushbu Farmonda quyidagilar nazarda tutilgan: 

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab majburiy umumiy o‘rta ta’lim uzluksiz va bepul 11 yillik ta’lim negizida amalga oshiriladi; 

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlariga o‘qishga qabul qilish umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari hisobidan, ixtiyoriylik asosida, tegishli mutaxassislikka (kasbga) ega bo‘lish uchun 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan ta’lim muddatlarida amalga oshiriladi. 

Farmonda kasb-hunar ta’limi sohasida kadrlar tayyorlash tizimining quyidagi eng muhim vazifalari ham belgilangan: 

talab etilgan kasblar bo‘yicha iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy texnika va texnologik tendensiyalarni hisobga olgan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilgan holda ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan o‘rta bo‘g‘inning malakali mutaxassislarini tayyorlash; 

iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari uchun zarur mutaxassislar tayyorlash, kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni, ish beruvchi korxonalarning takliflarini hisobga olgan holda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida talab qilingan mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan oshirish bo‘yicha kasb-hunar kollejlari faoliyatini muvofiqlashtirish; 

yoshlarni har tomonlama barkamol shaxs qilib, vatanparvarlik va milliy mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik ruhida tarbiyalashga, shuningdek, o‘quvchilarda boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosimizga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy va axloqiy sifatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayonni yangi pedagogik shakl va usullar asosida tashkil etish; 

yetakchi mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion o‘quv loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish; 

kasb-hunar ta’limi milliy standartlari talablarini xalqaro ta’lim standartlari tasniflagichiga, xalqaro malaka talablariga muvofiqlashtirish, milliy malaka talablarining rivojlangan mamlakatlar malaka talablariga muvofiqligini bosqichma-bosqich ta’minlash va e’tirof etilishiga qaratilgan ishlarni tashkil etish; 

nodavlat ta’lim sektorini uzluksiz davlat ta’lim tizimi bilan samarali integratsiyalash, tabaqalashtirilgan ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha orttirilgan amaliy tajribani tizimlashtirish va kelgusida amaliyotga joriy etish;

mamlakat iqtisodiyotini yanada isloh qilish, uni barqaror o‘stirish hamda modernizatsiyalash jarayonlarida faol va samarali ishtirok etishga qodir bo‘lgan kadrlarni tayyorlash maqsadida o‘quv jarayoniga innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni faol qo‘llab kasb-hunar ta’limi va ishlab chiqarishning o‘zaro yaqin hamkorligini ta’minlash; 

kasb-hunar kollejlarining zamonaviy moddiy-texnika bazasini shakllantirish va yanada mustahkamlash, undan oqilona foydalanish bo‘yicha yuqori samarali o‘quv-laboratoriya uskunalari, komputer texnikasi va boshqa axborot-kommunikatsiya uskunalari bilan jihozlashni o‘z ichiga oladigan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish. 

Farmon bilan kasb-hunar ta’limi tizimini yanada takomillashtirishni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi hamda tegishli hududiy ishchi guruhlar tashkil etildi. Quyidagilar ularning vazifalari hisoblanadi:

ta’lim olinadigan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlarga mehnat bozoridagi ehtiyojni, ularning mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiqligini, keyinchalik bitiruvchilarni biriktirish uchun potensial tarmoq ish beruvchilarini aniqlash yuzasidan kasb-hunar kollejlari faoliyatini o‘rganish; 

mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining maqsadli parametrlariga va mehnat bozori prognoziga muvofiq kadrlarga bo‘lgan mavjud real ehtiyojlarni hisobga olgan holda kasb-hunar kollejlarini tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning tarmoq bo‘ysunishiga berish, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan, kichik va xususiy biznes korxonalari uchun mehnat bozorida talab etiladigan ishchi kasblariga o‘qitish uchun ko‘p tarmoqli kollejlar tarmoqlarini tashkil etish, ayrim mutaxassisliklar (kasblar) bo‘yicha talab yo‘qligi munosabati bilan kasb-hunar kollejlarini optimallashtirish yoxud ularda umumta’lim maktablari va o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini hamda bolalar maktabgacha ta’lim muassasalarini joylashtirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish. 

Ushbu Farmonning qabul qilinishi mavjud kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasidan oqilona va maqsadli foydalanishni ta’minlash, malakali va mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, aholi bandligini ta’minlash va umuman kasb-hunar ta’limi tizimini yanada rivojlantirish imkonini beradi.

Поделиться