O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“The Wall Street Journal”: “Afg‘onistonning tinch-osoyishta kelajagi yo‘li Toshkentdan boshlanadi”
2018-01-25 | Siyosat
Joriy yil mart oyida Toshkentda “Afg‘oniston – tinch kelajak sari yo‘l” xalqaro vazirlar konferentsiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi O‘zbekiston va Afg‘oniston tashabbusi Amerikada nashr etiladigan nufuzli “The Wall Street Journal” gazetasida bosilib chiqqan maqolaning mavzusi bo‘ldi.
Maqola muallifi Lukas Alpertning qayd etishicha, zamonaviy O‘zbekiston afg‘on muammosining hal qilinishida borgan sari faol ishtirok etmoqda. “Toshkent harbiy harakatlarga barham berilishi butun mintaqada kontrterror sa’y-harakatlarining kaliti hisoblanadi, deb hisoblaydi.
Konferentsiyada Afg‘oniston bilan qo‘shni mamlakatlar, shuningdek, Xitoy hamda AQSh, Rossiya va boshqa yirik davlatlar vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda. Ular afg‘on inqirozini to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yo‘li bilan hal qilish imkoniyatlarini muhokama etishadi”.
“The Wall Street Journal” O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Afg‘onistonda qirq yildan buyon davom etayotgan urush butun mintaqaga o‘zining beqarorlashtirish ta’sirini o‘tkazayotgani haqida bildirgan fikrlarini o‘quvchilar e’tiboriga havola qilgan. Bu muammoning hal etilishi katta hududda xavfsizlik va barqarorlikning ta’minlanishiga ko‘maklashadi. Toshkent forumi o‘tgan yili boshlangan “Kobul jarayoni”ning ikkinchi raundi bo‘ladi.
Amerikalik jurnalist O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi rahbari va AQSh Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Gerbert Makmaster o‘rtasida yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida mazkur tashabbusning tafsilotlari muhokama etilganini ham eslatib o‘tgan. O‘zbekiston tomonining Afg‘oniston bo‘yicha qarashlari BMT Xavfsizlik kengashining Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha muhokamalari chog‘ida ham tilga olindi.
O‘zbekiston tashqi siyosatidagi yangi tamoyillarga baho berar ekan, Lukas Alpert mintaqadagi qo‘shnilar bilan o‘zaro aloqalar sezilarli darajada yaxshilanganini ham qalamga olgan. Chegaralardagi o‘tish punktlarida ishlar qaytadan yo‘lga qo‘yilgani, Toshkent va qo‘shni mamlakatlar poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari tiklangani, transchegara savdo-sotiqning kengaygani muhim o‘zgarishlar qatorida sanab o‘tilgan. Maqolada ekstremizmga qarshi kurash xalqaro tashkilotlar doirasida ham yangicha turtki olgani qayd etilgan.