O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar ittifoqi Moliya vazirligiga 1000 nafardan ortiq yosh kadr topib berdi
2018-01-25 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida bir qator sohalar kabi Moliya vazirligi tizimidagi kamchiliklarni ham ochiq ko‘rsatib o‘tgan edi.
Davlatimiz rahbarining tanqididan so‘ng Moliya vazirligi tizimidan 500 dan ortiq xodim ishdan bo‘shatildi. Bo‘sh ish o‘rinlarini innovatsion g‘oya va fikrga ega, zamonaviy texnologiyalarni yaxshi o‘zlashtirgan, iqtidorli, Vatanni sevadigan yoshlar bilan to‘ldirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va iqtisodiyot yo‘nalishidagi oliygohlardan nomzodlar tavsiya etish bo‘yicha amaliy yordam so‘raldi.
Moliya vazirligidan olgan ma’lumotlarimizga ko‘ra, bugungi kunga qadar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va uning hududiy kengashlari tomonidan Moliya vazirligi tizimida ishlash istaklarini bildirgan 1000 nafardan ortiq nomzodlar ro‘yxati taqdim etilgan.
Taqdim qilingan nomzodlar ichidan birinchi navbatda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar bilan suhbat o‘tkazildi. Natijada Moliya vazirligi markaziy apparatida 101 nafar, hududiy moliya organlarida 296 nafar, jami 397 nafar yoshlar amaliyot o‘tashga jalb qilindi.
Amaliyot yakunlari bo‘yicha iqtidorli yoshlarni vazirlik kadrlar zaxirasiga kiritish hamda ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Moliya vazirligi ishchi guruhi tomonidan qolgan nomzodlarni ishga qabul qilish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.